Rossiyadagi reydda 200 dan ortiq migrant qo‘lga olindi (video)
Olam
−
04 iyun 8737 1 daqiqa
Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida noqonuniy migrantlarga qarshi o‘tkazilgan reyd davomida politsiya xodimlari qariyb 5 ming nafar xorijiy fuqaroni tekshirdi hamda ularning 200 nafardan ortig‘i ushlanib, huquqiy chora ko‘rish uchun hududiy politsiya bo‘limlariga olib borildi. Bu haqda Rossiya Ichki ishlar vazirligining mintaqaviy boshqarmasi matbuot xizmati xabar berdi.
Unga ko‘ra, ushlanganlarning aksariyatiga jarima solingan va qonunbuzarliklarni bartaraf etish haqida ogohlantirish berilgan. Biroq migratsiya qonunchiligini qo‘pol tarzda buzgan deyarli 30 nafar xorijlik Rossiya hududini tark etishi kerakligi haqida ogohlantirilgan.
Reyd jarayonida olingan videolavha ham e’lon qilingan. Unda politsiya xodimlari qurilish maydonchalarini tekshirayotgani, jamoat transportiga kirib ketayotgani va avtomobillarni to‘xtatayotgani aks etgan. Videoda xorijiy fuqarolarning hujjatlari tekshirilayotgani, qo‘lga olinganlarning esa politsiya mashinalariga joylashtirilayotgani ko‘rsatilgan.
Reydga kinologlar (it bilan ishlovchi xodimlar) va Yo‘l harakati xavfsizligi inspektorlari ham jalb etilgan. Yo‘l politsiyasi xodimlari deyarli 160 ta avtomobilni tekshirib, qariyb 20 ta Yo‘l harakati qoidabuzarligini aniqlagan.
Ichki ishlar boshqarmasi ma’lumotiga ko‘ra, bunday “profilaktik tadbirlar” yaqin kunlarda ham davom ettiriladi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 30 iyun kunidan boshlab Rossiya bilan vizasiz rejimda bo‘lgan mamlakat fuqarolari Rossiyaga kirishidan oldin elektron ariza qoldirishi shart va buni amalga oshirmaganlar mamlakat hududiga kirolmasligi haqida xabar berilgandi.
Live
BarchasiNamanganda yana zilzila bo‘ldi
06 dekabr