Rossiyadagi prezidentlik saylovlarini tan olmaymiz – Germaniya

Olam

image

Germaniya hukumati Rossiyadagi prezidentlik saylovlarini qonuniy deb hisoblamaydi. Bu haqda Vazirlar Mahkamasi matbuot kotibi Kristian Xofman bugun, 18 mart kuni o‘tkazilgan brifingda ma’lum qildi.

Xofman jurnalistning saylovda g‘alaba qozongan  Rossiya rahbari Vladimir Putinni Germaniya hukumati nega tabriklamayotgani haqidagi savoliga quyidagicha javob bergan:

"Hozirda bizning saylovni o‘z nazoratiga olgan Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan muloqotimiz yo‘q. Shuning uchun hozir tabriklash kerakmi, yo‘qmi degan savol ko‘tarilmayapti. Ammo men bu saylovni qonuniy deb tan olmasligimizni aniq ayta olaman", degan Vazirlar Mahkamasi vakili.

Xofman kansler Olaf Shols Putinni saylovdagi g‘alabasi bilan tabriklamagani Germaniyaning Rossiyada o‘tkazilgan saylovlarni erkin yoki adolatli deb hisoblamasligini isboti sifatida ko‘rsatgan.

"Natija oldindan ma’lum bo‘lgan ko‘rinadi. Bizning baholashimizcha, bu nodemokratik saylov bo‘ldi", deya qo‘shimcha qilgan u.

Qolaversa, u Rossiyada so‘z erkinligi yo‘qligi va mamlakat allaqachon diktaturaga aylanganini bildirgan. Hukumat vakili Germaniya hech qanday holatda Ukrainaning bosib olingan hududlaridagi saylov natijalarini tan olmasligiga ishontirgan va Rossiya bilan aloqalar minimal darajaga tushganini tan olgan.

Eslatib o‘tamiz, bugun, 18 mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putinni bo‘lib o‘tgan Prezident saylovida qozongan ishonchli g‘alabasi bilan tabriklagandi. Yevropa Ittifoqi Kengashi raisi Sharl Mishel esa Rossiyada saylov boshlangan kunning o‘zida Putinni g‘alaba bilan tabriklagandi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya saylov Kristian Xofman

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing