Rossiyadagi migrantlar uchun yangi xavf
Tahlil
−
18 Oktabr
24824Rossiyada migratsiya sohasida bir qancha keskin o‘zgarishlar bo‘lmoqda. Masalan, Rossiyada endilikda migrantlarning mamlakatga erkin kirishi taqiqlanishi mumkin. Endilikda Mehnat va Ichki ishlar vazirligi hamkorligida mamlakatga mehnat migrantlarini jalb qilish bo‘yicha amaldagi tizimni isloh qilish variantlari ishlab chiqiladi. Bu haqda Mehnat vaziri Anton Kotyakov “Vedomosti” nashriga bergan intervyusida ma’lum qilgan.
Vazir o‘z intervyusida Rossiya migrantlar uchun erkin kirishni taqiqlashi va yanada “sivilizatsiyalashgan model”ni qo‘llashi mumkinligini ta’kidlagan.
Bu model bilan Rossiya hukumati mamlakatga ma’lum sohada ishlash uchun kelib, yollanib, ish o‘rganib, keyin umuman boshqa yo‘nalishga ishga o‘tib ketadiganlarga qarshi kurashmoqchi. Kotyakovning fikriga ko‘ra, amaldagi model biznes uchun ma’lum xavf tug‘diradi, chunki ish beruvchilar migrantlarni o‘qitish va tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish xarajatlarini o‘z zimmalariga oladi. Biroq ular ishchi o‘z majburiyatlarini bajarishiga va boshqa ishga, masalan, qurilish sohasidan xizmat ko‘rsatish sohasiga o‘tib ketmasligiga kafolat ololmaydi.
Vazirga ko‘ra, “sivilizatsiyalashgan model” tashkil etilganda migrantlar yollanma tizim asosida ishlaydi. Bu holda o‘qitish, tibbiy ko‘rik va hujjatlarni tayyorlash migrantning mamlakatida amalga oshiriladi. Shu orqali ish beruvchi kafolat oladi va chet eldan taklif qilingan xodimlar uchun javobgarlikni davom ettiradi.
“Kelajakdagi ishchi va ish beruvchi o‘rtasidagi moliyaviy munosabatlarning aniq, tushunarli qoidalari shakllanishi kerak. Masalan, agar kompaniya xarajat qilsa, ishchi ishdan bo‘shagan taqdirda bu summani qaytarish majburiyatiga ega bo‘lishi zarur”, dedi Kotyakov.
Vazirning ta’kidlashicha, tashkil etilgan yollash tizimida asosiy e’tibor malakali kadrlarga qaratiladi. Shu bilan birga, mamlakatga past malakaga ega ishchilar ham kirishiga ruxsat beriladi, chunki ish beruvchilarda ularga hali ham talab mavjud.
Rossiya sanoatchilar va tadbirkorlar ittifoqi va “hh.ru” tomonidan o‘tkazilgan so‘rov natijalariga ko‘ra, Rossiyada migrantlarni yollaydigan kompaniyalarning 50 foizdan ortig‘i xorijiy ishchi kuchi yetishmovchiligini boshdan kechirmoqda. Ish beruvchilar uchun asosiy muammo – bozor talablariga mos keladigan mutaxassislarning yo‘qligi. Shu bilan birga, so‘rovda qatnashganlarning qariyb 20 foizi mehnat migratsiyasi cheklovlari bilan bog‘liq qiyinchiliklarga duch kelganini bildirgan.
Shunga qaramay, Rossiya noqonuniy deb topilgan migrantlarni mamlakatdan chiqarib yuborishni boshladi. Masalan, joriy yilning 12 oktyabr kuni Moskva shahri Domodedovo aeroportida migrantlarning ommaviy deportatsiyasi bo‘lib o‘tdi.
Guvohlar yuzga yaqin chet el fuqarolarining Domodedovo aeroportida deportatsiya qilinayotganini videoga olgan. Niqobli xavfsizlik xodimlari qo‘llarini yuqoriga ko‘targan holda erkaklar va ayollardan iborat migrantlarni jo‘nab ketish maydoniga olib kirgan.
Deportatsiya qilinayotgan migrantlar qaysi davlat fuqarolari ekani haqida ma’lumotlar ochiqlanmagan.
“Rossiyskaya gazeta” nashriga ko‘ra, endilikda rus tilini bilmagan migrantlar ham Rossiyadan chiqarib yuborilishi mumkin. Leonid Slutskiy boshchiligidagi Rossiya Liberal-demokratik partiyasi (LDP) vakillari Davlat dumasiga shu bo‘yicha tegishli qonun loyihasini kiritgan. Unga ko‘ra, rus tilini bilmaydigan migrantning vataniga ketishi uchun mablag‘i bo‘lmasa, u o‘z mamlakatining diplomatik vakolatxonasi yoki konsullik muassasasi hisobidan deportatsiya qilinadi.
“Bizga faqat talab yuqori bo‘lgan, tilimiz va mamlakatimiz tarixini o‘rganishga harakat qilgan mutaxassislar kelishi lozim. Rossiyaga aldov yo‘li bilan kelib, jinoyatchilik bilan shug‘ullanayotgan va o‘ziga hujjatlar sotib olganlar byudjetimizga zarar yetkazmasdan zudlik bilan deportatsiya qilinsin”, deydi Slutskiy.
Liberal-demokratik partiyadan saylangan deputat Vladimir Sipyagin ham mazkur qonun loyihasini ma’qullagan.
“Migrantlarning farzandlari til bilmay maktabga qanday borishini ko‘ryapmiz, chunki ularning ota-onalari Rossiyaga aldov yo‘li bilan kirib, yarim qonuniy faoliyat olib bormoqda yoki mamlakatda qolish uchun hujjat sotib olgan. Ularni, albatta, deportatsiya qilish kerak. Ushbu migratsiyaning kulrang kanalini, shu jumladan, qonunchilik yo‘li bilan ham berkitish kerak”, deydi deputat.
Shunday qilib, Rossiyada joriy yil yakunigacha migratsiya siyosati bilan bog‘liq 5 ta qonun qabul qilinishi mumkin.
Rossiya Davlat Dumasining raisi Vyacheslav Volodinga ko‘ra, 2025 yilning mart oyida migratsiya siyosati bo‘yicha hatto hukumat soati muhokamasi ham o‘tkaziladi. Bu taklif 16 oktyabr kuni Davlat Dumasi Kengashi yig‘ilishida muhokama qilinadi.
Mazkur qonun loyihalari quyidagi takliflarni o‘z ichiga oladi:
-
Agar Rossiyada noqonuniy bo‘lib turgan migrant jinoyat sodir etsa, bu jinoyatni og‘irlashtiruvchi holat deb tan olinadi va ko‘proq jazo oladi;
-
Noqonuniy migratsiyani tashkil etish og‘ir jinoyat deb belgilanadi;
-
Migratsiya sohasida noqonuniy xizmatlar taklif qiluvchi saytlar sudsiz bloklanadi;
-
Hujjatlarni qalbakilashtirish va soxta ro‘yxatga olish uchun jazo kuchaytiriladi;
-
Vositachilarga rus tilini bilish bo‘yicha imtihonlarni o‘tkazishni taqiqlanadi.
Joriy yilning oktyabr oyi boshida Volodin parlamentning quyi palatasiga kiritilgan beshta migratsiya bilan bog‘liq qonun loyihasini 2024 yil oxirigacha qabul qilishga va’da bergan. Davlat Dumasi raisining so‘zlariga ko‘ra, ushbu tashabbuslar ko‘pchilik deputatlar tomonidan qo‘llab-quvvatlangan. U qonun loyihalarining maqsadini migratsiya sohasida tartib o‘rnatish deb atagan.
Rossiya Ichki ishlar vazirining migratsiya siyosatini nazorat qilish bo‘yicha birinchi o‘rinbosari, politsiya general-polkovnigi Aleksandr Gorovoyning ma’lum qilishicha, bugungi kunda Rossiyada 739 ming noqonuniy migrant mavjud va ularning asosiy qismini O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Armaniston va Ozarbayjon fuqarolari tashkil qiladi. Mamlakatdagi umumiy migrantlarning 9 foizi noqonuniy migrantlar hisoblanadi. Ularning umumiy soni 739 mingga yaqin va so‘nggi to‘rt-besh yil ichida bu ko‘rsatkich 30 foizdan oshgan. Rossiyada o‘z fuqarolari soni bo‘yicha birinchi o‘ntalikka esa O‘zbekiston, Tojikiston, Qirg‘iziston, Belarus, Ukraina, Armaniston, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Xitoy va Turkmaniston kiradi.
Ammo o‘zbekistonlik mutaxassislar Rossiya borgan sari o‘zining migratsiya jozibadorligini yo‘qotayotgani va bu unga yaqin kelajakda qimmatga tushishi mumkinligini aytmoqda. Masalan, siyosatshunos Shuhrat Rasul yaqin yillarda mehnat migratsiyasi Rossiyadan Ukrainaga ko‘chishi mumkinligini prognoz qilmoqda.
“Rossiyada ob’ektiv iqtisodiy muammolar yuzaga kelmoqda. Bu iqtisodiy muammolar, eng avvalo, ularning o‘z birodar xalqi ukrainlarga bosim uyushtirgani tufayli battar og‘irlashmoqda. Rossiyada migrantlar kamayishining ikkita asosiy sababi bor. Birinchidan, iqtisodiy munosabatlardagi qiyinchiliklar – pul topish muammosi, ishning kamayib ketayotgani. Ikkinchidan, ularning bizdek davlatlarga “olako‘z” bilan qarayotgani. Katta ehtimol bilan kelasi yilning oxiriga borib ularning milliy valyutasi devalvatsiyaga uchraydi. Dollarga nisbatan Rossiya rubli keskin qadrsizlanadi. O‘shanda nafaqat o‘zbekistonliklar, balki Markaziy Osiyo xalqlari uchun pul ishlab topish imkoniyati juda og‘irlashadi. Tabiiyki, bunday qismat na o‘zbeklarni, na tojik, qirg‘iz, qozoqlarni Rossiyaga borishga undaydi. Mening fikrimcha, urush tugagandan keyin Markaziy Osiyodagi mehnat migratsiyasining katta qismi aynan Ukrainaga qarab ketadi. Ukrainaga G‘arbiy Yevropa davlatlari qurilish rejasini taklif qiladi, Ukraina juda katta iqtisodiy ko‘mak oladi. Mamlakatning Rossiya bombalari ortidan yo‘q bo‘lib ketayotgan 100 dan ortiq shaharlari qaytadan quriladi. Ukraina sayyoraning eng katta qurilish maydoniga aylanadi”, dedi Shuhrat Rasul.
LiveBarchasi