Rossiyadagi bog‘cha va maktablarda yangi virus tarqaldi
Olam
−
05 noyabr
3850Rossiyadagi bolalar bog‘chasi va maktablarda Koksaki virusi tarqala boshladi. Bu haqda RIA Novosti xabar berdi.
Ma’lum bo‘lishicha, kasallik holatlari Moskva va Vladimir viloyatlarida, shuningdek, Krasnodar o‘lkasida qayd etilgan. Ota-onalar infeksiyani Turkiyadan qaytgan sayyohlar olib kelgan bo‘lishi mumkinligidan xavotirda.
Vladimirda bog‘chalardan biridagi bolalarning onalari aytishicha, ularning guruhiga virusli bolani olib kelishgan, shundan so‘ng barcha uch yoshli bolalar kasal bo‘lib qolgan.
Bolalarning og‘zida dastlab yaralar paydo bo‘lgan, keyin esa tanalarida toshma tosha boshlagan. Mahalliy shifoxonadagi ota-onalarning so‘zlariga ko‘ra, shifokorlar ularga bu Koksaki virusi ekanini aytgan.
Krasnodar o‘lkasida ham virus keng tarqala boshlagan. Kasal bolalarning ota-onalariga ko‘ra, kamida bitta maktab o‘quvchisiga shifoxonada Koksaki tashxisi qo‘yilgan.
“Biz Krasnodar o‘lkasida yashaymiz, bu yerda sayyohlar ko‘p bo‘ladi. Jiyanim MMA musobaqasida edi, balki o‘sha yerda yuqib qolgandir. Qishlog‘imizda hozir 11 yoshgacha bo‘lgan ko‘plab bolalarning oyoq-qo‘llarida shishlar paydo bo‘lib, isitmasi ko‘tarilib, og‘izlarida stomatitga o‘xshash narsa bor" degan Krasnodar aholisi.
Avvalroq Turkiyaning Antaliya shahrida Koksaki virusiga o‘xshash virus tarqalgandi.
Ma’lumot uchun, Koksaki virusi enteroviruslar oilasiga mansub bo‘lib, ularning ba’zilari insonlarda turli infeksiyalarni keltirib chiqarishi mumkin. Ko‘pincha odamlar ifloslangan mahsulotlar, uy-ro‘zg‘or buyumlari, suv orqali Koksaki virusini yuqtiradi. Ammo infeksiya virus tashuvchisidan havo tomchilari orqali sog‘lom odamga ham yuqadi.
Taxminan 10 yoshgacha bo‘lgan bolalar infeksiyaga eng moyil qatlam sanaladi. Kattalar kamdan-kam hollarda ushbu kasallikka chalinadi. Koksaki virusi uchun aniq davo mavjud emas va ko‘p hollarda kasallik o‘z-o‘zidan o‘tib ketadi.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Rossiyaning ikki mintaqasida koronavirus infeksiyasining yangi XES shtammi bilan bog‘liq ikkita holat qayd etilgandi. U omikron va FLiRT subvariantlariga o‘xshash alomatlarga egaligi haqida xabar berilgandi.
Muhammad Hodiyev