Rossiyadagi AESga yaqin shaharga dron hujum qildi
Olam
−
14 iyul 2023
8235Bugun, 14 iyul kuni Rossiyadagi Kursk atom elektr stansiyasi joylashgan Kurchatov shahrida dron qulab tushdi va portladi. Bu haqda Kursk viloyati gubernatori Roman Starovoyt o‘zining Telegram-kanalida ma’lum qildi.
“Kurchatov shahrida tunda uchuvchisiz samolyot halokatga uchradi. Yaxshiyamki, aholidan hech kim jabrlanmadi. Dronning qulashi va uning keyingi portlashi oqibatida muhim ob’ektlarga zarar yetmagan. Ko‘p qavatli uy qisman shikastlangan: uning fasad va oynalariga zarar yetgan”, deb yozadi viloyat rahbari.
Boshqa Telegram kanallari ham shahardagi portlash ovozlari haqida yozgan. Xususan, Mash ma’lumotlariga ko‘ra, dronda reaktiv dvigatel bo‘lgan. U Tayvanning Kingtech K-210G turbinasi bilan jihozlangan. Kanalning mahalliy aholiga tayanib xabar berishicha, dron uy yaqinida o‘sayotgan archaga to‘qnashib, qulab tushgan.
Rossiya Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Mariya Zaxarova ham Kurchatovdagi vaziyatga izoh bergan.
“Ularni (dronlarni) Kiyev rejimiga yetkazib berayotgan davlatlar, agar yadroviy falokat yuz bersa, Marsga joylashishni rejalashtiryaptimi? Ular muvaffaqiyatga erisha olmaydi. NATO mamlakatlari xalqlari ularning hukumatlari Kiyev rejimi tomonidan amalga oshirilayotgan yadroviy terrorizmga homiylik qilayotganini tushunishi kerak”, deb yozgan Zaxarova Telegram’dagi kanalida.
Kursk viloyatida uchuvchisiz samolyotning qulashiga Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov ham munosabat bildirgan.
“Shubhasiz, dushman zarba berish urinishlaridan voz kechmayapti, biroq bizning barcha havo hujumidan mudofaa tizimlarimiz ishlamoqda, samarali ishlamoqda va o‘z samaradorligini qayta-qayta namoyish etmoqda. Tegishli choralar ko‘rilmoqda”, degan Peskov.
Ma’lumot uchun, Kursk AES to‘rtta energiya blokidan iborat bo‘lib, oxirgisi 1985 yil dekabr oyida ishga tushirilgan. Hozirda umumiy quvvati 3000 MVt bo‘lgan uchta energoblok mavjud. Rosenergoatom ma’lumotlariga ko‘ra, Kursk AES Chernozyom viloyatidagi barcha elektr stansiyalarining o‘rnatilgan quvvatining 50% dan ortig‘ini tashkil qiladi, u Kursk viloyatining ko‘pgina sanoat korxonalarini energiya bilan ta’minlaydi. Kursk viloyatining o‘zi esa Ukrainaning Sumi viloyati bilan chegaradosh. Ukrainada urush boshlangandan beri mintaqa bir necha bor o‘qqa tutilgan va uchuvchisiz samolyotlar hujumiga uchragan.
LiveBarchasi