Rossiyada yashirin diniy maktabda bolalarni qiynoqqa solgan 3 davlat fuqarolari qo‘lga olindi

Olam

image

Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida uch nafar xorijlik – Tojikiston fuqarosi Sharofiddin Rahmatov, ozarbayjonlik Fazli Agayev va Turkiya fuqarosi Shaban Dincher noqonuniy xususiy diniy maktabning to‘rt nafar voyaga yetmagan o‘quvchisini qiynoqqa solganlikda ayblanib hibsga olindi. Bu haqda Sankt-Peterburg sudlarining matbuot xizmati xabar berdi.

“Sud Rossiya Federatsiyasi Jinoyat kodeksining 117-moddasi 2-qismi uchinchi bandida nazarda tutilgan jinoyat (bir guruh shaxslar tomonidan ikki yoki undan ortiq voyaga yetmaganlarni qiynoqlarga solish)ni sodir etganlikda ayblanayotgan Tojikiston fuqarosi Sharofiddin Rahmatovga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini tanladi. Sud tergovning talabini qanoatlantirib, ayblanuvchini 23 iyulga qadar hibsda saqlashga qaror qilgan”, deyiladi xabarda.

Shuningdek, sud Ozarbayjon fuqarosi Fazli Agayev va Turkiya fuqarosi Shaban Dincherni tergov hibsxonasiga yuborgan, ularga ham xuddi shunday ayblov qo‘yilgan.

Ularning uchchalasi ham bolalarni qiynoqqa solgani uchun 3 yildan 7 yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin.

Bundan tashqari, hibsga olinganlarning har biri zarur hujjatlarsiz faoliyat yuritgani uchun Rossiyadan ma’muriy chiqarib yuborish bilan birga 30 ming rubl miqdorida jarimaga tortilgan.

So‘roq jarayonida hibsga olinganlar Markaziy Osiyodan kelgan muhojirlarning farzandlari uchun islomiy kurslar tashkil qilganini aytgan.

Bayonnomada keltirilishicha, ular voyaga yetmaganlarni XX asr turk voizi Sulaymon Hilmi Tunaxon tarafdorlarini birlashtirgan Sulaymonjilar diniy harakati safiga jalb qilgan.

Shahar sudlari matbuot xizmati xabariga ko‘ra, Rahmatov va Dincher o‘z aybiga iqror bo‘lgan, Agayev qo‘yilgan ayblovning mohiyati bo‘yicha ko‘rsatma berishdan bosh tortgan.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Tojikiston diniy maktab

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing