Rossiyada o‘zbekistonlik migrantlar ko‘paysa ko‘payadiki, kamaymaydi – Ekspert
Olam
−
05 Oktabr 2023
11717O‘zbekistonning iqtisodiy jihatdan rivojlanishi Rossiyaga mehnat muhojirlari sonining kamayishiga olib kelmaydi. Bu haqda Rossiya Fanlar akademiyasining Ye.M.Primakov nomidagi Jahon iqtisodiyoti va xalqaro munosabatlar milliy tadqiqot instituti katta ilmiy xodimi, Markaziy Osiyo bo‘yicha mutaxassis Stanislav Pritchin OAVga bergan intervyusida so‘z ochdi.
Intervyuda O‘zbekiston rivojlanib, u yerda ish o‘rinlari yaratilsa, Rossiyaga migrantlar oqimi kamayishini kutish mumkinmi, degan savol ko‘tarilgan. Bunga rossiyalik Markaziy Osiyo bo‘yicha siyosiy eskpert Pritchinning javobi quyidagicha bo‘lgan:
“Bu Rossiyaga migratsiya oqimiga jiddiy ta’sir qiladi, deb o‘ylamayman. Aholi soni bo‘yicha O‘zbekiston shu qadar tez o‘sib bormoqdaki, ichki muhojirlar yetarli, xorijga ishlash uchun borish zarurati yuqoriligicha qolmoqda. Shunday ekan, O‘zbekistonning rivojlanishi Rossiyaga bo‘layotgan hozirgi migratsiya jarayonlariga jiddiy ta’sir ko‘rsatmasligi kerak”.
“BIZNES Online” loyihasining qayd etishicha, 2016 yilda Rossiya hududida 1 million 800 ming o‘zbek muhojiri bo‘lgan. Ular har yili uylariga 5 milliarddan 8-10 milliard dollargacha jo‘natishgan.
Pritchinning fikricha, Rossiyada ishlayotgan o‘zbek muhojirlari soni oshib bormoqda va bugun Toshkentning mehnat muhojirlariga nisbatan munosabati o‘zgargan.
“Rossiyada o‘zbekistonlik mehnat muhojirlari soni saqlanib qolmoqda va hatto ortib bormoqda, chunki Mirziyoyev hokimiyatga kelishi bilan xorijda ishlayotgan fuqarolarga munosabat keskin o‘zgardi. Moskva va Toshkent o‘rtasidagi birinchi kelishuvlardan biri mehnat muhojirlarini himoya qiluvchi migratsiya aloqalari masalalariga tegishli edi. Ayni paytda O‘zbekiston Kambag‘allikni qisqarrtirish va bandlik vazirligi tomonidan Rossiya bo‘limlari bilan yaqindan hamkorlik qiluvchi maqsadli ishga qabul qilish tizimi faoliyat yuritmoqda.
Muayyan mutaxassisliklar bo‘yicha ishlash ko‘nikmasiga ega bo‘lgan, muayyan loyihalar bo‘yicha davlatlararo shartnomalar doirasida Rossiyaga rasmiy ravishda boradigan O‘zbekiston fuqarolari uchun qayta tayyorlash markazlari tashkil etildi. Biz bu boradagi munosabatlarni normallashtirish ustida doimiy ish olib boramiz. Albatta, o‘tgan yillar o‘z izlarini qoldirdi, O‘zbekistondan Rossiyaga o‘z-o‘zidan ko‘plab muhojirlar kelgan. Ba’zilari o‘z o‘rniga ega bo‘ldi, boshqalari Rossiya fuqaroligini oldi.
YAIMga nisbatan Rossiyadan O‘zbekistonga o‘tkazilgan transferlar soni hozir biroz pastroq. Ammo so‘nggi ikki yil ichida ular mutlaq raqamlar bo‘yicha rekord o‘rnatdilar. 2022 yilda Rossiyadan O‘zbekistonga rekord darajadagi 16,9 milliard dollar o‘tkazildi, bu mamlakat yalpi ichki mahsulotining 25 foiziga teng. Butun O‘zbekiston miqyosida ham bu jiddiy miqdor. Shuni ham tushunishimiz kerakki, Rossiyadan yuborilayotgan va O‘zbekistonning turli viloyatlaridagi oilalarga borayotgan pul o‘tkazmalari ijtimoiy barqarorlikning muhim omili bo‘lib, ular yordamga muhtoj bo‘lgan aniq odamlarga yuboriladi. Shu bois O‘zbekiston xorijda, birinchi navbatda, Rossiyada O‘zbekiston fuqarolari uchun maksimal qulay shart-sharoitlar yaratish va shaffof, barqaror mehnat sharoitlarini ta’minlashdan manfaatdor, chunki bizda ularning aksariyati mavjud”, deydi Pritchin.
Ma’lumot uchun, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligiga ko‘ra, joriy yilning yanvar-avgust oylarida 28 ming 207 nafar O‘zbekiston fuqarosi xorijiy davlatlarda ishga joylashtirilgan. Bu o‘tgan yilga nisbatan 7,5 foizga ko‘p. E’tiborlisi shundaki, ularning qariyb 72,5 foizi (20 ming 450 nafar) Rossiyaga jo‘nab ketgan.
Eslatib o‘tamiz, Rossiya hukumati armiya safini Markaziy Osiyodan kelgan mehnat muhojirlari bilan to‘ldirishga harakat qilmoqda. Ular ko‘pincha zo‘ravonlikka asoslangan reydlar orqali to‘planadi. Harbiy komissiyalarga olib borilgan muhojirlar tahdid va kaltaklardan so‘ng Mudofaa vazirligi bilan shartnoma imzolashga majbur bo‘ladi.
LiveBarchasi