Prezident migratsiya shartnomalari tuzishni tezlashtirishni buyurdi
Jamiyat
−
18 noyabr 8013 3 daqiqa
Ayni paytda qator Yevropa davlatlari va O‘zbekiston o‘rtasida mehnat migratsiyasi bo‘yicha kelishuvlar mavjud emas. Shu sababli, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan tegishli hukumatlararo hujjatlarning imzolash ishlarini jadallashtirish bo‘yicha topshiriq berildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Bugun, 18 noyabr kuni Shavkat Mirziyoyevga tashqi mehnat migratsiyasi tizimini takomillashtirish va migratsiya jarayonlarini xalqaro standartlar asosida yo‘lga qo‘yish masalalari yuzasidan axborot berilgan.
Qayd etilishicha, so‘nggi yillarda mamlakatda fuqarolarni mehnat qilish uchun chet elga tartibli jo‘natish bo‘yicha amalga oshirilayotgan tizimli ishlar tufayli mehnat bozori diversifikatsiya qilinmoqda, fuqarolar asosan yuqori maoshli ish o‘rinlarida ishlash uchun xorijga ketmoqda. Natijada 2016 yilga nisbatan chet elda ishlayotgan fuqarolarning soni kamaygan bo‘lsa-da, ular tomonidan yuborilgan mablag‘ 3,8 milliard dollardan 2025 yilning o‘n oyi yakunida 15,8 milliard dollarga yetgan.
Taqdimotda xorijiy mehnat bozorida malakali mutaxassislarga katta talab borligi qayd etilgan. Hozirda 140 ming nafar mutaxassisga buyurtma mavjud, ammo til va kasbiy malaka bo‘yicha talablarga javob bera oladigan mutaxassislarni tayyorlash borasida qilinadigan ishlar hali ko‘pligi ko‘rsatib o‘tilgan. Bundan tashqari, mehnat migratsiyasi xizmatlari tarqoq bo‘lgani uchun odamlar ovoragarchilikka duch kelmoqda.
Shu maqsadda sohadagi xizmatlarni tartibga solish, barcha jarayonlarni “yagona darcha” tamoyili asosida birlashtirish vazifasi qo‘yildi.
Toshkent shahri Uchtepa tumanida “Xorijga ishga tayyorlash markazi”, Termiz shahrida “Yagona migratsiya xizmatlari” markazi tashkil etiladi. Poytaxtning Yashnobod tumanida esa xalqaro kompaniyalar bilan hamkorlikda nemis va yapon tillariga o‘qitish maktablari ochiladi.
“So‘nggi yillarda Yevropa mamlakatlariga migratsiya oqimi 4 barobar ko‘paygani ta’kidlandi. U yerda ishlayotgan fuqarolarning huquqiy himoyasini kuchaytirish muhimligi qayd etildi. Ayni paytda qator Yevropa davlatlari bilan mehnat migratsiyasi bo‘yicha kelishuvlar mavjud emas. Prezident tomonidan tegishli hukumatlararo hujjatlarning imzolash ishlarini jadallashtirish bo‘yicha topshiriq berildi”, deyiladi xabarda.
Shuningdek, xorijiy davlatlarda migratsiya bo‘yicha attashe va Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Mehnat migratsiyasi agentligi vakolatxonalarini ko‘paytirish, mamlakat hududlarida esa viza markazlarining ko‘chma ofislarini ochish rejalashtirilgan.
Taqdimotda migratsiya xizmatlarini raqamlashtirish masalasi ham ko‘rib chiqilgan.
“Xorijda ish” platformasida 25 turdagi xizmat taqdim etilmoqda, joriy yil boshidan buyon 524 ming fuqaro onlayn xizmatlardan foydalangan. Lekin xizmatlarning barchasi ham raqamlashmagan.
Prezident tizimga sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish orqali xizmat ko‘rsatish jarayonlarini yanada takomillashtirish zarurligini qayd etgan. Platformada biometrik identifikatsiya, xorijdagi ish o‘rinlarini real vaqt rejimida kuzatish, fuqarolarga masofaviy maslahat berishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha rejalar haqida axborot berilgan. Migratsiya agentligida fuqarolarga tun-u kun tezkor yordam beradigan Situatsion markaz tashkil etish taklif qilingan.
Taqdimotda noqonuniy migratsiya va konsalting xizmatlari ko‘rsatishda firibgarlik holatlari ko‘payib borayotgani ko‘rsatib o‘tilgan. Shu munosabat bilan, mehnat migrantlarining huquqiy savodxonligini oshirish maqsadida xalqaro aeroportlarda interaktiv migratsiya infokiosklarini o‘rnatish, litsenziyasiz faoliyatni amalga oshirgan konsalting tashkilotlari uchun jarima miqdorini oshirish taklif qilindi. Jinoyat kodeksiga noqonuniy migratsiyani tashkil etish va ko‘maklashish uchun javobgarlik kiritish masalasini o‘rganish topshirildi.
Davlat rahbari taqdim etilgan takliflarni ma’qullab, mehnat migratsiyasi jarayonlarini yanada qulay, xavfsiz va shaffof qilish bo‘yicha mutasaddilarga qo‘shimcha ko‘rsatmalar bergan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonlik tajribali haydovchilar Birlashgan Arab Amirliklaridagi kompaniya tomonidan taksi haydovchilikka jalb etilishi mumkinligi haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi