Rossiyada Telegram va WhatsApp qo‘ng‘iroqlari cheklandi

Olam

image

Rossiyada Telegram va WhatsApp’da qo‘ng‘iroqlarga qisman cheklovlar joriy etildi. Bu haqda Rossiya Aloqa, axborot texnologiyalari va ommaviy axborot vositalarini nazorat qilish federal xizmati (Roskomnadzor) xabar berdi.

Qayd etilishicha, bu choralar jinoyatchilarga qarshi kurashish maqsadida ko‘rilgan. Huquqni muhofaza qilish organlari va fuqarolardan kelib tushgan ko‘plab murojaatlarga tayanib, bu ikki messenjer Rossiya fuqarolarini aldash, pul undirib olish, shuningdek, diversiya va terrorchilik faoliyatiga jalb qilishda asosiy ovozli aloqa vositalariga aylangani qayd etilgan.

Bildirilishicha, messenjer egalari jinoyatchilarga qarshi choralar ko‘rish talablarini bir necha bor olgan, ammo ularni bajarmagan. Shu bois asosan faqat ovozli qo‘ng‘iroqlarga qisman cheklovlar kiritiladi, boshqa funksiyalariga tegilmaydi.

Roskomnadzorning eslatishicha, 2024 yildan boshlab “Antifrod” tizimi orqali Rossiya aloqa operatorlari tarmoqlarida raqamni soxtalashtirish orqali amalga oshiriladigan qo‘ng‘iroqlar bloklangan. Natijada bunday qo‘ng‘iroqlar asosan xavfsizlikni ta’minlashdan bosh tortayotgan messenjerlarga o‘tgan.

WhatsApp matbuot xizmati bu cheklovga javoban platforma maxfiy va sukut bo‘yicha end-to-end (ma’lumotni faqat yuboruvchi va qabul qiluvchi o‘qiy oladigan qilib shifrlash usuli) shifrlash bilan himoyalanganini, hukumatlarning xavfsiz muloqotni buzishga urinishlariga qarshi ekanini bildirdi. Ularning fikricha, shuning uchun Rossiya hukumati mamlakatdagi 100 milliondan ortiq foydalanuvchilar uchun WhatsApp ni cheklashga urinmoqda.

Telegram matbuot xizmati ham javob berib, platformada zararli faoliyatga, jumladan, diversiya, zo‘ravonlik va firibgarlikka chaqiriqlarga qarshi faol kurashayotganini ma’lum qildi. Ularning aytishicha, maxsus sun’iy intellekt vositalaridan foydalangan moderatorlar ochiq bo‘limlarni kuzatadi va foydalanuvchilarning shikoyatlari asosida har kuni millionlab zararli xabarlarni o‘chiradi. Shuningdek, Telegram qo‘ng‘iroqlar uchun maxfiylik sozlamalarini joriy qilgan bo‘lib, foydalanuvchilar kimdan qo‘ng‘iroq qabul qilishni yoki umuman ularni o‘chirishni o‘zlari belgilashi mumkin.

Downdetector xizmatining 11 avgust kungi ma’lumotlariga ko‘ra, o‘sha kuni WhatsApp va Telegram messenjerlarida keng ko‘lamli nosozliklar kuzatilgan. Sayt foydalanuvchilarining izohlarida aytilishicha, 10 avgustdan boshlab Rossiya foydalanuvchilaridan kelayotgan shikoyatlar keskin oshgan, ularning aksariyati videqo‘ng‘iroqlar paytida aloqa muammolariga oid bo‘lgan.

Rossiya Markaziy bankining 2025 yil fevralida e’lon qilingan yillik so‘rov natijalariga ko‘ra, firibgarlik holatlarining 45,6 foizi mobil aloqa orqali, 15,7 foizi esa messenjerlar orqali sodir etilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Nepal hukumati mamlakatda jinoyatlar ko‘paygani sababli Telegram messenjeriga kirishni bloklashga qaror qilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Telegram WhatsApp

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing