Rossiyada professor davlatga xiyonatda ayblanib hibsga olindi

Olam

image
FXX rossiyalik olimlar orasidan “Xitoy josuslari”ni qidirmoqda north_east

FXX rossiyalik olimlar orasidan “Xitoy josuslari”ni qidirmoqda

Bugun, 6 avgust kuni Moskvaning Lefortovo tuman sudi Plexanov nomidagi Rossiya iqtisodiyot universitetining 60 yoshli professori Vadim Saltikovskiyni davlatga xiyonat (Rossiya Federatsiyasi Jinoyat kodeksining 275-moddasi) ishi bo‘yicha 25 sentyabrgacha hibsga oldi. Bu haqda sud matbuot xizmatiga tayanib, “Interfaks” xabar berdi.

Sud qarori 28 iyul kuni chiqarilgan. Saltikovskiy aynan nimada ayblanayotgani aytilmagan. Sud majlisining o‘zi ish “maxfiy” toifaga kirganligi sababli yopiq eshiklar ortida o‘tkazildi.

Davlatga xiyonat haqidagi moddaga ko‘ra, professor umrbod qamoq jazosiga mahkum etilishi mumkin.

Saltikovskiy iqtisod fanlari doktori. Plexanov nomidagi Rossiya iqtisodiyot universitetida jahon iqtisodiyoti fanidan dars bergan, shuningdek, universitetni xalqaro ilmiy va ta’lim makonida targ‘ib qilish bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari lavozimini egallagan.

Hozirda uning profili universitet veb-saytidan o‘chirilgan, ammo “Novaya gazeta Yevropa”ning yozishicha, u kamida 2025 yilning bahorigacha faol dars bergan.

Bundan tashqari, Saltikovskiy ilgari Moskva davlat lingvistik universiteti qoshidagi xorijliklarni testdan o‘tkazish markazini boshqargan va Rossiya Savdo-sanoat palatasi huzuridagi Osiyo va Okeaniya mamlakatlari bilan iqtisodiy hamkorlik qo‘mitasi raisining o‘rinbosari bo‘lgan.

Oxirgi lavozimda, 1 mart kuni u Kursk viloyati Savdo-sanoat palatasi va Pxenyan Savdo-sanoat palatasining onlayn yig‘ilishida ishtirok etdi, shuningdek, Xitoy va Rossiya o‘rtasidagi do‘stlik haqidagi ko‘rgazma haqida 29 iyulda e’lon qilingan maqola uchun Xitoyning “Sinxua” davlat agentligiga ekspert sharhini berdi.

Bundan tashqari, Saltikovskiy MGIMO qoshidagi Harbiy va siyosiy tadqiqotlar markazi veb-saytida “Harbiy-siyosiy vaziyatni tahlil qilishning ba’zi jihatlari” (2014) monografiyasining hammuallifi sifatida ta’kidlangan. U monografiyasida “Xitoy yadro omili xalqaro darajadagi harbiy-siyosiy vaziyatning elementi sifatida” bobini yozgan. Hozir ikkala havola ham olib tashlandi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Vadim Saltikovskiy

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing