Rossiyada mulozimlar ommaviy ravishda “quloqlar”ga qarshi moslama sotib olmoqda

Olam

image

Rossiya hududlaridagi amaldorlar telefon suhbatlarini yashirin eshitishga qarshi tizimlarni ommaviy ravishda xarid qilmoqda va oxirgi ikki yil ichida ularga kamida 20 million rubl sarflagan. Bu haqda davlat xaridlari ma’lumotlariga tayanib, “Mash” xabar berdi.

Qayd etilishicha, ko‘pincha ular himoyaning ikki turini – vibratsiya hosil qiluvchi va shovqin tarqatuvchi xarid qilmoqda. Birinchisi derazaga mahkamlanadi va vibratsiya hosil qiladi. Natijada xonadagi ovozni oyna orqali yozib olish qiyinlashadi. Shovqin tarqatuvchesa eshik, ventilyatsiya yoki ship yoniga o‘rnatiladi. U ham suhbatni yozib olishga xalaqit beradigan shovqin hosil qiladi. Qurilmalarning o‘zi Rossiyada ishlab chiqarilgan bo‘lishi kerak, yetkazib beruvchilar esa davlat siri bilan bog‘liq ishlar uchun litsenziya oladi.

Eshitib olishdan eng ko‘p Boshqirdiston amaldorlari xavotirda. U yerda himoya tizimlari uchun 1,1 million rubl sarflangan. Shuningdek, ushbu tizimlarni Rossiya Fanlar akademiyasi (umumiy summasi 666 ming rubl), Uzoq Sharq bojxonasi (500 ming rubl) va Bryansk viloyati dumasi (400 ming rubl) ham sotib olgan.

Ushbu idora va tashkilotlarning barchasida so‘nggi yillarda korrupsiya sxemalari aniqlanib, jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan edi. Boshqirdiston sobiq bosh vazir o‘rinbosari vazifasini bajaruvchi Alan Marzayev qurilish kompaniyalaridan 37 million rubl pora olgani uchun 13 yilga koloniyaga hukm qilingan. Bryansk viloyatida 2025 yilda sobiq vitse-gubernator Nikolay Simonenko va viloyat qurilish boshqarmasi rahbari Yevgeniy Jura 818 million rubl zarar yetkazilgan mansabni suiiste’mol qilish aybi bilan qo‘lga olingan, sobiq gubernator o‘rinbosari Sergey Timoshenko esa 7 million rubl pora olish bo‘yicha jinoyat ishi figurantiga aylangan. 2025 yilda Rossiya Fanlar akademiyasi sobiq vitse-prezidenti Konstantin Solnsev Fanlar akademiyasi mablag‘laridan 168,7 million rublni o‘zlashtirish va ushbu pullarni legallashtirish bo‘yicha aybdor deb topilgan. Uzoq Sharq bojxona boshqarmasida esa korrupsiya ishlari muntazam ravishda qo‘zg‘atiladi – 2025 yilning o‘zida kamida sakkizta jinoyat ishi ochilgan. 

Qayd etilishicha, amaldorlarni ham Rossiya maxsus xizmatlari, ham xorijiy maxsus xizmatlar eshitishga harakat qilmoqda. O‘tgan yili Federal xavfsizlik xizmati xorijiy maxsus xizmatlarni smartfonlar orqali yuqori lavozimli rossiyalik amaldorlarni eshitib olishda ayblagan. Maxsus xizmat ma’lumotlariga ko‘ra, muzokaralarni eshitish, shuningdek, elektron qurilmalar atrofida yashirin akustik va video nazorat olib borish dasturlaridan foydalanilgan. Masalan, “Bloomberg” Trampning yordamchisi Stiven Uitkoff va Putinning yordamchisi Yuriy Ushakov o‘rtasidagi 2025 yil 14 oktyabrdagi telefon suhbatini e’lon qilgan. “Vajniye istorii” nashri maxsus xizmatlardagi manbalariga tayanib, FXX siyosatchilarni faol ravishda eshitayotgani haqida yozgan edi. 


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing