Rossiyada migrantlarning raqamli profili joriy etiladi

Olam

image

Joriy yilning 30 iyunidan boshlab Rossiya Federatsiyasida migrantlarning raqamli profilini joriy etish boshlanadi. Bu haqda mamlakat Bosh vaziri Mixail Mishustin 2024 yil uchun hukumat faoliyati bo‘yicha Davlat dumasi oldidagi hisoboti chog‘ida so‘z ochdi.

Qayd etilishicha, u yagona identifikatorga ega bo‘ladi va kelgusida qog‘oz patentga muqobil hujjat bo‘lishi mumkin. Biroq bu o‘zgarishga oldindan tayyorgarlik ko‘rish zarur.

“Migratsiya siyosati – nihoyatda nozik masala, u ko‘p qirrali. Mamlakatda noqonuniy migratsiyaning yuqori darajada bo‘lishi umuman olganda, jamiyat barqarorligi va xavfsizligiga tahdid soladi”, dedi Mixail Mishustin.

Bosh vazirning eslatishicha, ayni paytda taxminan 640 ming migrant mamlakatda noqonuniy ravishda bo‘lib turibdi va xorijliklar reestriga kiritilgan. Bu Rossiyada migrantlarga nisbatan ko‘rib chiqilgan yagona tashabbus emas. Kecha, 25 mart kuni, LDPR fraksiyasidan bir guruh deputatlar Davlat dumasiga migrantlar uchun majburiy maqsadli patent berishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini kiritgan. Bu shuni anglatadiki, patentda aniq kasb ko‘rsatilishi shart bo‘ladi. Hozirgi kunda “kasb” ustunida bo‘sh qoldirish mumkin.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida 8 mingta kuzatuv kameralari etnik identifikatsiyani aniqlash uchun sozlanishi mumkinligi xabar qilingandi. Mansabdorlar kameralar yordamida migrantlarni va ularning zich yashash joylarini kuzatmoqchi ekanini bildirgan. Rossiya Prezidenti huzuridagi Inson huquqlari bo‘yicha kengash esa mansabdorlarning etnik identifikatsiyani kamera tasviridan aniqlash haqidagi bayonotini “inson qadr-qimmatini tahqirlovchi” deb atagan.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya migrant raqamli profil

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing