Rossiyada migrantlarni deportatsiya qilish jarayoni videoga yozib olinadi
Olam
−
23 Sentabr
9151Sud ijrochilari migrantlarni deportatsiya qilishning butun jarayonini videoga olish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Bu haqda “Parlamenskaya gazeta” xabar berdi.
“Sud ijrochilari federal xizmati o‘zining barcha ishlarini suratga oladi – sudgacha kuzatib borishdan tortib, chet elliklarni Rossiyadan chiqarib yuborishgacha", deyiladi xabarda.
Nashrning yozishicha, sud ijrochilari suratga olish haqida oldindan ogohlantiradi. Jarayonni yozib olish uchun IP-kameralar, videoregistratorlar, fotoapparatlar va boshqa qurilmalar qo‘llaniladi. Yozib olingan audio, foto va video materiallar arxivda saqlanadi. Saqlash vositasining ishlash muddati tugagach, u boshqasiga ko‘chiriladi. Zarur hollarda (nizoli vaziyatlar, fuqarolarning shikoyat va arizalarini ko‘rib chiqish, xizmat tekshiruvi o‘tkazish) tegishli materiallarning umrbodga saqlanishi ta’minlanadi.
Sud ijrochilari federal xizmatiga ko‘ra, videoro‘yxatga qayd qilish migrantlarning jinoyat sodir etishini oldini olishga yordam beradi.
Ma’lumot uchun, Rossiya Raqamli rivojlanish vazirligi 1 dekabrdan boshlab mamlakatga kirish uchun chet elliklar va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar tomonidan biometrik ma’lumotlarni taqdim etish bo‘yicha sinov loyihasi ishga tushirishni taklif qilgan. Mamlakat Davlat Dumasining Mehnat, ijtimoiy siyosat va faxriylar ishlari bo‘yicha qo‘mitasi rahbari Yaroslav Nilov esa Rossiya fuqarosi bo‘lmagan shaxslarning bolalari uchun bog‘cha va maktablarda bepul ta’lim olishni bekor qiluvchi qonun loyihasini ishlab chiqqan. Shuningdek, Rossiyaning Moskva viloyatida 2025 yilning yanvaridan boshlab xorijliklarning sport, madaniyat, hordiq chiqarish, sog‘liqni saqlash va ta’lim sohalarida patent bo‘yicha ishlashi taqiqlanishi, shu bilan birga mamlakatda noqonuniy bo‘lib turgan migrantlar uchun transport vositalarini boshqarish, bank xizmatlaridan foydalanish, mulkni ro‘yxatga olish, nikoh tuzish va bekor qilish, bolalarni bog‘cha va maktablarga ro‘yxatdan o‘tkazish taqiqlanishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya hukumati Davlat Dumasiga migratsiya sohasida noqonuniy xatti-harakatlar sodir etganlik, shu jumladan migratsiya organlarida soxta ro‘yxatga olish uchun ma’muriy va jinoiy javobgarlikni kuchaytirish to‘g‘risidagi qonun loyihasini taqdim etishi xabar qilingan edi.
LiveBarchasi