Rossiyada migrantlarga tegishli kafe va restoranlar yopilmoqda
Olam
−
06 may
14171Rossiyada migrantlar tomonidan ochilgan kafe va restoranlar ommaviy ravishda yopila boshladi. Bu haqda "Nastoyaeye vremya" nashri xabar berdi.
“So‘nggi bir oy ichida politsiya tashrif buyuruvchilarni, asosan, Markaziy Osiyo davlatlaridan kelgan muhojirlarni tekshirishni keskin oshirdi. Butun mamlakat bo‘ylab migrantlarga qarshi reydlar o‘tkazilmoqda. Shu sababli ko‘plab muhojirlar allaqachon Rossiyani tark etgan yoki jamoat joylariga, jumladan, kafelarga borishdan bosh tortgan”, deb yozadi "Nastoyaeye vremya".
Qayd etish joiz, Rossiyada muhojirlarga qarshi kampaniya mart oyi oxirida Moskva viloyatidagi konsert zalida yuz bergan va Tojikistonning bir necha fuqarolari ayblangan teraktdan keyin boshlandi.
Moskvada yashovchi o‘zbekistonlik Sardor ismli yigitning so‘zlariga ko‘ra, uning Rossiya poytaxtida kafesi bo‘lgan va “Krokus”dagi teraktdan so‘ng u faoliyatini to‘xtatishga majbur bo‘lgan. Sardorning aytishicha, kafe mijozlarining asosiy qismi Markaziy Osiyodan edi. Terror hujumidan keyin tashrif buyuruvchilarga bosim sezilarli darajada oshgan va uning kafesidagi mijozlar kamaygan.
“Tasavvur qiling, 100 mijozdan atigi 50 nafari sizga keladi, shu bilan birga, siz 150 kishiga ovqat tayyorladingiz va faqat ulardan uchdan bir qismidan buyurtma olasiz. 100 kishiga tayyorlangan taom shunchaki uloqtiriladi. Ertasi kuni sizga hatto 50 kishi ham kelmaydi, atigi 25 kishi keladi. Va siz yopilishga majbur ekanligingizni tushunasiz”, deydi Sardor.
Sardor kafesini yopgach, hozir gul do‘konida sotuvchi bo‘lib ishlayapti. U restoran biznesini butunlay tark etgani yo‘q. Uning aytishicha, ba’zida u va uning jamoasi banketlar uyushtirishadi.
Qayd etilishicha, Rossiyada umumiy ovqatlanish sohasida ishlayotgan boshqa davlatlardan kelgan muhojirlar ham terror xurujidan keyin ksenofobiya va reydlar kuchaygani restoran biznesiga jiddiy zarba berganini tan olishadi. Umumiy ovqatlanish sohasida ishlash ko‘pchilik uchun foydasiz bo‘lib qolgan.
“Endi hammaning hujjatlari tekshiriladi: ko‘chada yurganingizda, metroga tushganingizda. Ayniqsa, o‘zbeklar va tojiklar ko‘p hibsga olinadi, biroq men qirg‘izlarning qamoqqa olinganini ko‘rmadim”, deydi Moskvada oshpaz bo‘lib ishlaydigan Azamat ismli shaxs.
10 aprel holatiga ko‘ra, Moskvada o‘tkazilgan reydlar davomida olti mingdan ortiq migratsiya qonunchiligi buzilishi qayd etilgan, 840 nafar muhojir Rossiyadan chiqarib yuborilgan. Migratsiya sohasidagi huquqshunoslar va ekspertlar ommaviy axborot vositalarida yana ko‘plab deportatsiyalar bo‘lishini bir necha bor ta’kidlagan.
LiveBarchasi