Rossiyada migrantlar bolalarining maktabga borishi taqiqlanishi mumkin
Olam
−
12 noyabr
3226Rossiya Davlat Dumasi migrantlarning rus tilini bilmaydigan bolalarini maktablarga qabul qilishni taqiqlash bo‘yicha qaror loyihasini tayyorlamoqda. Bu haqda Duma spikeri Vyacheslav Volodin ma’lum qildi.
“Biz huquqni qo‘llash sohasidagi zarur choralarni tahlil qildik va hal qilinishi kerak bo‘lgan muammoli masalalarga e’tibor qaratdik. Qaror doirasida hukumatga mehnat migratsiyasi, shuningdek, migrantlar bilan kelayotgan ularning oila a’zolariga oid takliflarni yo‘llaymiz. Vakolatli davlat organlari doirasida kompleks yechimlarni ishlab chiqishni taklif qilamiz”, dedi u.
Volodinga ko‘ra, qaror loyihasida migrantlar bolalarini maktablarga qabul qilishda Rossiya hududida xorijiy fuqarolarning qonuniy bo‘lishini tekshirish va rus tili bilimini sinovdan o‘tkazish uchun testdan o‘tishni majburiy qilish, shuningdek, rus tilini bilishni tasdiqlovchi hujjat bo‘lmagan taqdirda umumta’lim tashkilotlariga qabul qilmaslik taklif etiladi.
“Shu munosabat bilan mazkur mavzu bo‘yicha qonun loyihasi kiritiladi” dedi Duma raisi.
Bildirilishicha, deputatlar qaror loyihasini 20 noyabr kuni ko‘rib chiqadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiyada migrantlarning bolalarini maktablarga qabul qilish jarayoni qiyinlashib, arizalarni ko‘rib chiqish muddati sezilarli darajada uzaygani xabar qilingan edi.
LiveBarchasi