Rossiyada qoidabuzarlik qilgan o‘zbekistonlik mamlakatdan quvildi

Olam

image

Rossiyada yashash uchun ruxsatnomasi bekor qilingan 29 yoshli O‘zbekiston fuqarosi rasmiy ravishda u yerdan deportatsiya qilindi. Bu haqda Rossiya Ichki ishlar vazirligi xabar berdi.

Ushbu fuqaro dastlab Rossiyaga tibbiyot fakultetida o‘qish uchun borgan, biroq 2025 yilning iyun oyida o‘qishdan chetlatilgan. 2021 yilda unga yashash uchun ruxsatnoma berilgan. U Mordoviya Respublikasining Saransk shahrida vaqtincha yashash joyi bo‘yicha migratsion ro‘yxatda turgan.

Joriy yilning 10 iyun kuni ushbu shaxs Mordoviya bo‘yicha Ichki ishlar vazirligi va FXX xodimlari tomonidan hibsga olingan. Sabab sifatida ijtimoiy tarmoqlarda Saransk markazida bezorilik harakatlarini aks ettiruvchi video joylashtirilgani ko‘rsatilgan. Videoda u ayollarga va mahalliy aholiga nisbatan haqoratli so‘zlar ishlatgan.

Shundan so‘ng u Saranskdagi 3-sonli Ichki ishlar bo‘limiga olib borilgan. Unga nisbatan Rossiya Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 20.1-moddasi 1-qismi (mayda bezorilik) va 18.8-moddasi 1-qismi (chet el fuqarosining Rossiya Federatsiyasiga kirish va yashash tartibini buzishi) bo‘yicha bayonnomalar tuzilgan.

Sud qarori bilan unga 10 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan. Shuningdek, “Rossiya Federatsiyasida chet el fuqarolarining huquqiy maqomi to‘g‘risida”gi federal qonunga asosan, unga berilgan yashash uchun ruxsat bekor qilingan va Rossiyaga kirishiga taqiq qo‘yilgan.

IIV xabariga ko‘ra, o‘zbekistonlik fuqaro joriy yilning bahorida ham bir necha bor ma’muriy javobgarlikka tortilgan edi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiyaning Voljsk shahrida sakkiz nafar O‘zbekiston fuqarosini uyiga ro‘yxatga qo‘ygan 63 yoshli mahalliy fuqaroga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya O'zbekiston fuqarosi deportatsiya Saransk

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing