Rossiyada harbiy ro‘yxatdan o‘tmagan o‘zbekistonlik fuqarolikdan mahrum qilindi (video)
Olam
−
03 noyabr
14654Rossiyaning Tomsk shahrida asli o‘zbekistonlik bo‘lgan Mahmudjon Mabubzoda ismli Rossiya fuqarosi harbiy qo‘mitada ro‘yxatdan o‘tmagani uchun fuqarolikdan mahrum etildi. Bu haqda “Shot” xabar berdi.
Qayd etilishicha, 30 yoshli Mahmudjon 28 avgust kuni Rossiyaga qasamyod qilib, ushbu davlat fuqaroligini olgan. Biroq, ikki hafta ichida Harbiy qo‘mitada ro‘yxatdan o‘tish majburiyatini bajarmagan. U buni Harbiy qo‘mita binosidagi uzun navbatlar bilan izohlagan.
Shundan so‘ng, uni Rossiya fuqaroligidan mahrum qilib, O‘zbekistonga jo‘natilishi haqida xabar berilgach, Mabubzoda janjallashib, hujjatlarini otib yuborgan. Unga Rossiya Mudofaa vazirligi bilan shartnoma tuzish orqali muammoni zudlik bilan hal qilish taklif etilgan. Ammo u rad javobini berib, chiqib ketgani ta’kidlanmoqda. Keyinroq u hujjatlarini olish uchun qaytib kelgan.
Videoda yigit “Qaytarib oling fuqarolikni, menga bunday fuqarolik kerak emas”, deydi. Migratsiya bo‘limi xodimi uni fuqarolikdan mahrum etilishi, 5 yil davomida Rossiyaga kirishi taqiqlanishi haqida ogohlantirgan. Mabubzoda esa “Shunaqa bo‘la qolsin, hammasiga tupurdim”, deb javob qaytargan. Harbiy qo‘mita xodimi unga muammoni Rossiya Mudofaa vazirligi bilan shartnoma tuzish orqali hal qilishni taklif etganida, yigit hech narsa kerak emasligini bildirgan. Harbiy xodimning “Siz Rossiyada yashashni istagan edingiz-ku?” degan savoliga, “Endi hammasi tamom”, deya javob qaytargan.
Bundan tashqari, shu kuni harbiy ro‘yxatga olinishdan bo‘yin tovlagani uchun fuqaroligini yo‘qotgan yana ikki nafar: 31 yoshli Shujoat Saidsharipov va 46 yoshli Nazirjon Hojiboyev ham jazolangan. Tojikistonning sobiq fuqarolari jazoni tinchgina qabul qilgan.
2024 yil boshidan buyon migratsiya qonunchiligini buzgani uchun 1200 dan ortiq kishi Rossiya fuqaroligidan mahrum qilingan. Rossiya Ichki ishlar vaziri Vladimir Kolokolsevning 30 oktyabr kuni ma’lum qilishicha, joriy yilda mamlakatdan chiqarib yuborilgan xorijliklar soni 1,5 barobarga oshgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiyaning Perm shahrida qurolli bezorilikda ayblangan O‘zbekiston fuqarosi Oybek Soliyevning jinoiy ishi bo‘yicha sud majlislari boshlangandi. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, u Ukrainadagi Shimoliy harbiy okrug zonasiga uchinchi marta ketmoqchi bo‘lgan va “Zaitniki Otechestva” davlat jamg‘armasining mahalliy bo‘limiga F-1 piyodalarga qarshi mudofaa granatasiga o‘xshash o‘yinchoq granata bilan kelgan.
LiveBarchasi