Rossiya jasadlarni topshirishda ham aldayapti – Zelenskiy
Olam
−
21 iyun
9313Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Rossiya tomoni harbiylar jasadlarini almashish chog‘ida Ukrainaga Rossiya va boshqa mamlakatlar fuqarolarining jasadlarini “ukrain harbiylari” sifatida topshirganini ma’lum qildi. Bu haqda u bugun, 21 iyun kuni jurnalistlar bilan o‘tkazilgan brifingda so‘z ochdi.
Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, hozirgacha o‘rganilgan hollarda 20 ta jasadning aslida Rossiya yoki boshqa davlatlar fuqarolariga tegishli ekani aniqlangan.
“Masalan, ular bizga “ukrain harbiylari” deb bergan jasadlar orasida Isroil fuqarosi bo‘lgan yollanma askar ham bor edi. Uning yonida Isroil hujjatlari bo‘lgan. Ular esa bizga faqat ukrainaliklar borligini aytishgandi. Ammo bu yolg‘on va bu holat rasmiy qayd etilgan”, degan Ukraina rahbari.
Qolaversa, Ukraina Prezidenti bu kabi holatlar takroriy bo‘layotganini ta’kidlagan.
“Ba’zida ular hatto rossiyalik pasportli jasadlarni ham topshiradi. Bu shuni anglatadiki, ular kimni yuborayotganini o‘zlari ham bilmaydi, ehtimol jasadlar soni ko‘pligi sababli nazoratdan chiqib ketgan. Bunday holatlarda mutaxassislar ekspertiza o‘tkazishi kerak bo‘ladi. Bu esa vaqt talab qiladi”, deya qo‘shimcha qilgan Zelenskiy.
Shu orada Rossiya Prezidentining yordamchisi va Ukraina bilan muzokaralardagi delegatsiya rahbari Vladimir Medinskiy Ukraina tomonidan ilgari surilgan jasadlar almashuvida begona shaxslar topshirilgani haqidagi ayblovlarni qat’iyan rad etgan.
Uning aytishicha, Rossiya o‘z zimmasiga olgan barcha majburiyatlarni to‘liq bajarib kelmoqda.
“Biz tahmin qilamizki, jasadlardan biri – bu jang maydonidan olingan rossiyalik askar bo‘lishi mumkin. Shundan so‘ng esa, ukrain propagandachilari o‘zlarining eski metodikalari asosida feyk tarqatgan”, degan Medinskiy.
Ukraina tomoni ilgari surgan dalillardan biri – jasad bilan birga topilgan harbiy bilet bo‘lgan. Biroq Medinskiy bu biletlar eski namunadagi ekani, bunday hujjatlar deyarli qolmaganini ta’kidlagan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 13 iyun kuni Ukraina Rossiyadan 1200 nafar halok bo‘lgan harbiy xizmatchilarning jasadini qabul qilib olgandi. 16 iyun kuni esa Ukraina Rossiyadan yana 1245 qurbonning jasadini qabul qilib oldi.
LiveBarchasi