Rossiya Zaporoje AESni “bufer zona”ga aylantirishdan bosh tortdi

Olam

image

Ukrainaning Rossiya tomonidan egallangan Zaporoje atom elektr stansiyasi qurolsizlantirilgan taqdirda u yerda provokatsiyalar uyushtirilishi va teraktlar sodir etilishi xavfi bor. Bu haqda Rossiyaning Birlashgan Millatlar Tashkilotidagi doimiy vakili Vasiliy Nebenzya tashkilot Xavfsizlik Kengashining favqulodda yig‘ilishida aytib o‘tdi.

“Stansiyaning qurolsizlantirilishi u yerga bormoqchi (hujum qilmoqchi – tahr.) bo‘lganlar uchun himoyasiz holga keltirishi mumkin. Biz har qanday provokatsiyalar, stansiyaga terroristik hujumlar sodir etilishini istisno eta olmaymiz, uni himoya qilishimiz kerak”, deydi u BMT Bosh kotibining ZAESni demilitarizatsiya qilish haqidagi taklifiga javoban.

Uning qo‘shimcha qilishicha, BMT rahbari “demilitarizatsiya perimetri” deganda nimani nazarda tutayotganiga aniqlik kiritishi kerak.

Aytish joizki, avvalroq BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish “barcha harbiy xizmatchilarni va harbiy texnikani stansiyadan olib chiqib ketishga hamda bu hududda boshqa har qanday harbiy kuchlar yoki harbiy texnika joylashtirilishiga yo‘l qo‘ymaslikka” chaqirgan edi.

Ma’lumot uchun, Zaporoje Yevropadagi eng yirik atom elektr stansiyasi bo‘lib, u Ukrainadagi barcha elektr energiyasining chorak qismini ishlab chiqaradi. Qariyb 6 ming megavatt quvvatga ega ushbu inshoot oltita energiya blokidan iborat. Hozirda atom elektr stansiyasi to‘liq quvvatining 70 foizida ishlaydi.

Eslatib o‘tamiz, UNIAN nashri 5 avgust kuni rus bosqinchilari Zaporoje AESiga to‘rt marta o‘q uzgani haqida ma’lumot bergan edi. Shuningdek, Zaporoje atom elektr stansiyasi bosqinchilar tomonidan o‘qqa tutilganidan so‘ng, Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy davlatlarni butun Rossiya atom sanoatiga nisbatan qattiq sanksiyalar joriy etishga chaqirgan.

Rossiya esa AESga hujumda Ukrainani aylabyapti. Rasmiy Moskvaga ko‘ra, Ukraina bo‘linmalari tomonidan Zaporoje atom elektr stansiyasining o‘qqa tutilishi yadroviy terrorizm akti va bu Chernobildan ham kattaroq falokatga olib kelishi mumkin.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Zaporoj'e

Baholaganlar

129

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing