Rossiya yil oxirigacha harbiy safarbarlik e’lon qilishi mumkin – “Bloomberg”
Olam
−
13 avgust
5592Ukrainaga qarshi urushda askarlar yetishmovchiligi kuchayib borayotgani sababli Rossiya 2024 yilning oxirigacha harbiy safarbarlik e’lon qilishi kutilmoqda. Bu haqda Kreml va Rossiya Mudofaa vazirligiga yaqin uch nafar manbasiga tayanib, “Bloomberg” xabar berdi.
Qayd etilishicha, Ukraina Qurolli kuchlarining Kursk viloyatidagi amaliyoti Rossiya armiyasida mudofaa kuchlari zaxiralarining yo‘qligini ko‘rsatgan. Hozirda Rossiya Qurolli kuchlari saflari shartnoma asosidagi askarlar hisobidan to‘ldirilmoqda, lekin bu yetarlicha bo‘lmayapti.
“Ukrainaning Rossiya g‘arbidagi Kursk viloyatiga bostirib kirishi, unchalik katta qarshilikka duch kelmadi. Ukraina kuchlari hozirda Rossiya hududining 1000 kvadrat kilometrini (386 kvadrat milya) nazorat qilmoqda va hujum operatsiyalari hali ham davom etmoqda”, deyiladi xabarda.
Vladimir Putin 2022 yil sentyabrida 300 ming qo‘shinni safarbar qilish to‘g‘risida buyruq bergan, bu esa rossiyaliklar orasida urush xavotirining kuchayishiga va bir millionga yaqin odamning ommaviy chiqib ketishiga sabab bo‘lgan. Ta’kidlanishicha, bunday tajribani takrorlamaslikka urinib, Kreml vatanparvarlikka chaqirish va har oy saflarni to‘ldirish uchun zarur bo‘lgan 30 ming yangi askarni ta’minlash uchun pul taklif qilishga e’tibor qaratgan.
Manbaga ko‘ra, Rossiya hukumati xodimlarni yollash keskin pasaygani sababli moddiy rag‘batlantirishni haddan tashqari oshirmoqda. Masalan, joriy yilning iyul oyida Moskva meri Sergey Sobyanin harbiy shartnomalar imzolagan ko‘ngillilarga oylik maosh va mukofotlardan tashqari shahar hukumati tomonidan har oy bo‘lib to‘lanadigan 600 ming rubldan tashqari 1,9 million rubl (22 ming dollar) to‘lashga va’da bergan.
Umuman olganda, merning so‘zlariga ko‘ra, agar ular omon qolsalar, yollanganlar birinchi yilda 5,2 million rubl, 2023 yilgi poytaxtdagi o‘rtacha yillik maoshdan qariyb uch barobar ko‘p maosh olishlari kutilgan edi.
Putinning ona shahri va Rossiyaning ikkinchi yirik shahri bo‘lgan Sankt-Peterburg ham tezda unga ergashib, yangi yollanganlarga 1,6 million rubl taklif qildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Putin urushga boradiganlarga bir martalik to‘lovni ikki baravar oshirgani haqida xabar berilgandi.
LiveBarchasi