Rossiya yapon baliqchilarini tirikchilikdan mahrum qildi
Olam
−
10 iyun 2022
19206Rossiya hukumati Yaponiyani Kuril orollarida baliq tutish imkoniyatidan mahrum qildi, chunki rasmiy Tokio kvota uchun pul to‘lashdan bosh tortgan. Bu haqda Rossiya Prezidentining Uzoq Sharq federal okrugidagi vakolatli vakili, Bosh vazir o‘rinbosari Yuriy Trutnev ma’lum qildi, deya xabar berdi TASS.
“Biz ularning sa’y-harakatlari sabab allaqachon [baliq eksportini] cheklab qo‘ydik. Ular Kuril orollaridan baliq ovlash kvotalari uchun pul to‘lashdan bosh tortdi. Shuning uchun, mos ravishda bu huquq ulardan olib qo‘yiladi. Ular o‘zlarini o‘zlari jazolayapti, ularga yordam berishning hojati yo‘q”, deydi Yuriy Trutnev.
Avvalroq, Rossiya Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Mariya Zaxarova Rossiya Yaponiya bilan Kuril orollarining janubiy qismida dengiz tirik resurslarini yig‘ish sohasida hamkorlik qilish to‘g‘risidagi hukumatlararo kelishuvni Tokio o‘z moliyaviy majburiyatlarini bajarmaguncha to‘xtatayotganini ma’lum qilgandi.
Uning ta’kidlashicha, Yaponiya kelishuv bo‘yicha to‘lanishi lozim bo‘lgan to‘lovlarni muzlatib qo‘ygan va ushbu hukumatlararo kelishuvning ajralmas elementi bo‘lgan Saxalin viloyatiga tekin texnik yordam ko‘rsatish to‘g‘risidagi yillik hujjatni imzolash jarayonini kechiktirgan.
Yaponiya va Rossiya ushbu shartnomani 1998 yilda imzolagan. Bu yapon baliqchilariga Kuril orollarining janubiy qismida Rossiya tomonidan ajratilgan kvota doirasida baliq ovlashga ruxsat beradi.
LiveBarchasi