Rossiya yana Kurskda KXDR askarlaridan foydalanmoqda – Zelenskiy
Olam
−
08 fevral
4053Kiyev ma’lumotlariga ko‘ra, bir necha hafta davom etgan tanaffusdan so‘ng Shimoliy Koreya qo‘shinlari yana Rossiyaning Kursk viloyatidagi faol jangovar harakatlarga qaytgan. Bu haqda Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy kecha, 7 fevral kuni o‘zining vatandoshlariga an’anaviy kechki videomurojaati hamda “Reuters” agentligiga bergan intervyusida ma’lum qildi.
“Kursk operatsiyasi hududlarida yangi hujumlar sodir bo‘ldi – Rossiya armiyasi yana Shimoliy Koreya askarlarini olib keldi”, dedi u Ukraina Qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni Aleksandr Sirskiyning Donetsk va Kurskdagi vaziyat haqidagi hisobotiga tayanib.
Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, Kursk yaqinidagi janglarda “bosqinchilarning katta qismi yo‘q qilingan – gap yuzlab Rossiya va Shimoliy Koreya askarlari haqida ketmoqda”.
Vladimir Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, Kursk viloyatida 60 ming rossiyalik harbiy to‘plangan.
Ma’lumot uchun, 30 yanvar kuni “The New York Times” gazetasi Shimoliy Koreya qo‘shinlari katta yo‘qotishlarga uchragach, Kursk viloyatidagi front chizig‘idan olib chiqib ketilgani haqida xabar bergandi. Nashrning Ukraina va Amerika rasmiylari orasidagi manbalariga ko‘ra, o‘sha vaqtga kelib KXDR harbiylari ikki haftaga yaqin vaqt davomida frontda ko‘rinmagan.
Eslatib o‘tamiz, keyinchalik bu ma’lumotni Ukraina maxsus operatsiyalar kuchlari, shuningdek, Janubiy Koreya razvedkasi ham tasdiqlagandi. Ukraina Qurolli Kuchlari Bosh shtabining hisob-kitoblariga ko‘ra, Kursk viloyatidagi KXDR kontingentining umumiy yo‘qotishlari taxminan 4000 kishini tashkil etdi: Shimoliy Koreyaning uchta oddiy brigadasidan bittasi haqiqatda yo‘q qilindi, ikkitasi jangovar qobiliyatini yo‘qotdi.
LiveBarchasi