Rossiya yana 3 ta davlat bilan aviaqatnovlarni tiklaydi
Olam
−
14 Oktabr 2020
12020Rossiya Serbiya, Kuba va Yaponiya bilan aviaqatnovlarni tiklaydi. Bu haqda RFda koronavirusga qarshi kurash tezkor shtabi ma’lum qildi. Bosh vazir Mixail Mishustin tegishli qarorni imzolagan.
Hafta davomida amalga oshiriladigan reyslar soni cheklanadi. Serbiyaga ikki marta Moskva-Belgrad yo‘nalishida reys qo‘yiladi. Kubaga ham shuncha reys bo‘ladi: Moskva-Kayo-Koko va Moskva-Santa Klara yo‘nalishida.
Yaponiya bilan aviaqatnovlar 1 noyabrdan tiklanadi. Haftasiga uchta reys amalga oshiriladi. Ikkitasi Moskva-Tokio yo‘nalishida, bittasi Vladivostok-Tokio yo‘nalishida.
Rossiya bu davlatlar bilan aviaaloqani tiklashiga qator ko‘rsatkichlar sabab bo‘lgan. Masalan, shu davlatlarda so‘nggi 2 haftada koronavirusga chalinganlarning kunlik o‘sishi har 100 ming kishiga 40 tadan oshmagan.
Bundan tashqari, Hukumat avval ochilgan yo‘nalishlarda parvozlar sonini oshirishga qaror qilgan. Moskvadan Syurix va Jenevaga haftalik parvozlar soni bittaga ko‘payadi.
Ma’lumot uchun, Rossiya koronavirus pandemiyasi sababli to‘xtab qolgan xalqaro aviaqatnovlarni avgust oyidan qayta tiklashni boshladi. 1 avgustdan boshlab Rossiyadan Buyuk Britaniya, Tanzaniya va Turkiyaga parvozlarni amalga oshirishga ruxsat berilgan. Sentyabr oyining boshida Rossiya Misr, Birlashgan Arab Amirliklari va Maldiv orollari bilan ikki tomonlama aviaqatnovlar tiklanishini ma’lum qilgandi. Hozirgi paytda Rossiyadan Buyuk Britaniya, Shveysariya, Janubiy Koreya, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkiya, Birlashgan Arab Amirliklari, Maldiv orollari va Tanzaniyaga parvoz qilish mumkin.
LiveBarchasi