Rossiya yaqin sharqliklarni urushga yollamoqda. Ularga qancha taklif qilindi?

Olam

image

Ukrainadagi urushda Rossiya tarafda jang qilishi uchun Livandagi falastinliklar va Suriyaning elita qo‘shinlari yollanmoqda. Bu haqda Livan xavfsizlik manbasiga tayanib, “The Media Line” xabar berdi.

Qayd etilishicha, Livanda yashovchi falastinliklar Rossiya tomonidan Ukrainada davom etayotgan urushda qatnashish uchun imzo chekkan. Buning evaziga ularga 350 dollar maosh taklif qilingan. Urushga yollash ishlari Falastinning Livandagi elchixonasiga aloqador faollar tomonidan amalga oshirilayotgani aytilgan. Biroq elchixona Ukrainadagi mojaroga hech qanday aloqasi yo‘q ekanini va falastinliklarni unda ishtirok etishga undamayotganini aytgan.

Manbaga ko‘ra, bu shaxslar Rossiya kuchlari nomidan Ukrainadagi mojaroda ishtirok etishga rozi bo‘lishi evaziga oilalari uchun oylik nafaqa va tovon puli olishni maqsad qilgan. 

“Menda bu borada aniq ma’lumot yo‘q, lekin lagerdagi ahvol achinarli va yoshlar uchun ish yo‘qligi sababli buning ehtimoli yuqori. Ular pul uchun ruslar bilan ishlashga jalb qilingan bo‘lsa, ajab emas, chunki lager muhiti bunday imkoniyatlar uchun ochiq”, deydi xavfsizlik va mudofaa masalalari bo‘yicha taniqli tadqiqotchi Riad Kahvaji.

Rossiya tomonidan Ukrainadagi urushga qatnashish uchun qancha falastinlik yollangani aniq emas, ammo taxminan 300 kishi Rossiyada tezkor tayyorgarlikdan o‘tib, frontga jo‘natilgani taxmin qilinmoqda. 100 ga yaqin qo‘shimcha jangchilardan iborat yana bir guruh esa yaqin kelajakda Rossiyaga ketish uchun tayyorlanayotgani xabar qilingan.

Shuningdek, Suriya qo‘shinlari ham Ukrainadagi urushga jalb qilinayotgani ma’lum bo‘lgan. London va Istanbulda joylashgan Abad strategik tadqiqotlar markazi direktori Muhammad Sarminining aytishicha, urush boshlanganidan beri Suriya rus qo‘shinlariga ko‘maklashishning ikki yo‘lini topgan. Birinchi yo‘l “Vagner” guruhi orqali bo‘lsa, ikkinchi yo‘l Suriya muntazam kuchlaridan jangchilarni yuborishni o‘z ichiga olgan. Mazkur jangchilar urush zonasiga borish uchun 500-700 AQSH dollari miqdorida pul olgan. 

Bundan tashqari, Rossiya ham urushga suriyalik jangchilarni jalb qilish orqali ikki maqsadni ko‘zlagan. Birinchidan, bu orqali Ukrainadagi jangchilar soni ko‘payadi. Ikkinchidan, ularni yollash Suriya Prezidenti Bashar Asad rejimiga sodiqligini namoyish etishni anglatadi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya bosqini

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing