Rossiya bosqini davomida qancha ukrainalik tinch aholi halok bo‘lgani ochiqlandi
Olam
−
19 noyabr
61462022 yil fevralida Rossiya Ukrainaga bostirib kirganidan beri kamida 12 164 nafar tinch aholi, jumladan, 600 dan ortiq bola halok bo‘lgan. Bu haqda kecha, 18 noyabr kuni BMT Bosh kotibi o‘rinbosari Rozmari DiKarlo ma’lum qildi.
DiKarloga ko‘ra, sharqiy va janubiy Ukrainada halokatli janglar tobora kengaymoqda. Shaharlar, qishloqlar va tumanlar butkul vayron bo‘lgan. Baxmut, Avdeyevka, Vovchansk va Ugledar deyarli xaritadan o‘chib ketgan. 2022 yil fevralidan beri kamida 12 164 tinch aholi, jumladan, 600 dan ortiq bola halok bo‘lgan. Kamida 26 871 kishi jarohat olgan. Bu faqat tasdiqlangan ma’lumotlar bo‘lib, haqiqiy qurbonlar soni bundan ancha yuqori bo‘lishi mumkin.
“Rossiya Federatsiyasi Ukrainaga qarshi to‘liq ko‘lamli bosqinni boshlaganidan 1 000 kun o‘tdi – bu BMT Nizomi va xalqaro huquqni qo‘pol ravishda buzishdir. 1 000 kun davomida millionlab ukrainaliklar uchun o‘lim, vayronagarchilik va umidsizlik cheksiz davom etmoqda. 1 000 kun o‘tib, bu urush hamon to‘xtamay davom etmoqda”, deydi Rozmari DiKarlo.
Bildirilishicha, so‘nggi oylarda tinch aholi orasida qurbonlar soni sezilarli darajada oshgan. Joriy yilning oktyabr va noyabr oylarida urushning eng katta va keng ko‘lamli raketa hamda dron hujumlari kuzatilgan. 16-17 noyabr kunlari Rossiya o‘zining eng katta qo‘shma hujumlaridan birini boshlagan va bu hujumda 120 ta raketa va 90 ta dron ishtirok etgan. Hujum Ukrainadagi barcha hududlarda energetika infratuzilmasiga jiddiy zarar yetkazgan va ko‘plab qurbonlarga sabab bo‘lgan.
“Shuni aniq aytmoqchiman: barcha tomonlar tinch aholi xavfsizligi va himoyasini ta’minlashi shart, ularning joylashgan hududidan qat’i nazar”, deydi DiKarlo.
Qayd etilishicha, hujumlar davomida kamida 580 ta tibbiyot muassasasi zarar ko‘rgan yoki vayron bo‘lgan, ko‘plab birinchi yordam ko‘rsatuvchi xodimlar va tibbiyot xodimlari qurbon bo‘lgan va jarohat olgan. Shuningdek, kamida 1 358 ta ta’lim muassasasi zarar ko‘rgan yoki vayron bo‘lgan.
“Ukraina hozirda dunyodagi eng ko‘p minalashgan hududlardan biriga aylangan – mamlakatning qariyb chorak qismi minalar bilan to‘la bo‘lib, bu Shveysariyadan to‘rt baravar katta. Urush oqibatida ekologik tanazzul, jumladan, muhim infratuzilma vayron bo‘lishi (masalan, Kaxovka to‘g‘oni), mahalliy ekotizimlarga va Ukrainadagi qishloq xo‘jaligiga uzoq muddatli salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda”, deyiladi bayonotda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, qariyb to‘rt million kishi mamlakat ichida ko‘chirilgan, 6,8 milliondan ortiq kishi esa mamlakatni tark etgan. Ayollar urushning iqtisodiy va ijtimoiy oqibatlaridan noteng zarar ko‘rmoqda. Bir butun avlod bolalari yetarli ta’lim olish imkoniyatidan mahrum bo‘lmoqda, chunki hujumlar oqibatida maktablar onlayn shaklga o‘tgan yoki boshpanalarga ko‘chirilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha BMTning aholishunoslik fondi (UNFPA) direktori Florens Bauer Rossiya bosqinidan beri Ukraina aholisi 10 million kishiga kamayganini ma’lum qilgan edi.