Rossiya yadro qurolini ishlatmoqchimi? So‘z Stoltenbergga
Olam
−
23 Sentabr 2022
23398NATO hozirda Rossiya yadroviy kuchlarining tayyorgarligi darajasida hech qanday o‘zgarish sezmayapti. Bu haqda bugun, 23 sentyabr kuni Shimoliy Atlantika alyansi Bosh kotibi Yens Stoltenberg CNN telekanaliga bergan intervyusida so‘z ochdi.
“Rossiya yadroviy kuchlarining konfiguratsiyasi yoki tayyorgarligida hech qanday o‘zgarish ko‘rmayapmiz”, deydi Stoltenberg, “yadroviy ritorika mas’uliyatsiz va xavfli” ekanini ta’kidlab.
NATO Bosh kotibining urg‘ulashicha, Ukrainada yadro qurolidan har qanday foydalanish bu mojaroning mohiyatini butunlay o‘zgartiradi.
“Rossiya yadro urushida g‘alaba qozonib bo‘lmasligini va uni ochib bo‘lmasligini biladi. Biz bu haqda ularga xabar berdik va bu aniq xabarni Moskvaga yuborishda davom etamiz”, deydi u.
Eslatib o‘tamiz, 21 sentyabr kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin qisman safarbarlik e’lon qilish haqidagi televizion chiqishida NATO Rossiyani yadroviy shantaj bilan qo‘rqitayotganini, shunday ekan, Moskva o‘z xalqini yadroviy qurollarni ishga solib bo‘lsa ham himoya qilishini aytdi.
Shu kuni AQSH Prezidenti Jo Bayden BMT Bosh Assambleyasining 77-sessiyasidagi nutqida Moskva yadro qurolini tarqatmaslik rejimini buzgan holda, “o‘ylamasdan” yadro qurolini qo‘llash bilan tahdid qilayotganini qayd etdi. AQSH Prezidenti, shuningdek, NATO davlatlari hududiga ehtimoliy hujumning oldini olish uchun ittifoqchilar bilan yaqindan hamkorlik qilish haqida gapirdi va Qo‘shma Shtatlar “hech qachon Rossiyaga tahdid qilmaganini” qo‘shimcha qildi. Baydenning so‘zlariga ko‘ra, Vashington Ukrainani qo‘llab-quvvatlashda davom etadi, shuningdek, mojaroga “adolatli shartlar asosida” barham berishga intiladi.
LiveBarchasi