Rossiya vaksinasiga yana bir xaridor chiqdi
Olam
−
14 Sentabr 2020
12207Pokiston Sog‘liqni saqlash vazirligi Rossiyaning COVID-19'ga qarshi vaksinasini yetkazib berish bo‘yicha taklifni o‘rganyapti. Bu haqda Pokiston Tashqi ishlar vaziri Shoh Mahmud Qureshi ma’lum qildi.
"Bu juda ijobiy voqea, biz Rossiya hukumatini tabriklaymiz. Bu, shuningdek, Rossiya shifokorlarining yuqori malakasidan dalolat beradi. Hozirda vaksinani olish to‘g‘risidagi taklif ko‘rib chiqilmoqda", dedi Qureshi
Ta’kidlanishicha, hozirda 20 dan ortiq mamlakat koronavirusga qarshi ushbu vaksinani milliard dozada sotib olish uchun ariza topshirgan. Shu bilan birga, Rossiya beshta mamlakat bilan birgalikda vaksina ishlab chiqarish to‘g‘risida shartnoma imzoladi. Mavjud quvvat yiliga 500 million doza vaksina ishlab chiqarish imkoniyatini beradi.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston ham Rossiyada tayyorlangan “Sputnik V” vaksinasini sotib olishga qiziqqan. O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirining birinchi o‘rinbosari Bahodir Yusupaliyev Hukumat vaksina sotib olish uchun mablag‘ ajratish imkoniyatlarini ko‘rib chiqayotganini aytgandi.
Eslatib o‘tamiz, Rossiya koronavirusga qarshi vaksina ro‘yxatdan o‘tkazilgan yagona mamlakat bo‘lib turibdi. RFda joriy yilning 11 avgust kuni “Sputnik V” vaksinasi ro‘yxatga olingan.
Rushanabonu Sultonova
LiveBarchasi