Rossiya va Ukraina yana asirlarni almashdi

Olam

image

Rossiya va Ukraina “95 ga 95” formatida asir almashdi. Bu haqda Birlashgan Arab Amirligining davlat axborot agentligi WAM xabar berdi. 

BAA Tashqi ishlar vazirligi bergan ma’lumotga ko‘ra, Birlashgan Arab Amirliklari ayirboshlashda vositachi sifatida ishtirok etgan. Ikki tomondan almashiladigan asirlar soni 190 kishini tashkil qilgan. Bu almashinuv BAA vositachiligida joriy yil boshidan buyon ikki davlat o‘rtasidagi to‘qqizinchi marta amalga oshirilgan tadbirdir. 2022 yilning dekabr oyida AQSH va Rossiya o‘rtasida 2 nafar asir almashilgan.

Rossiya Mudofaa vazirligi ayni paytda Ukraina asirligidan qaytgan harbiylarga har tomonlama yordam ko‘rsatilayotganini ma’lum qilgan.

“Hozirda barcha rossiyalik harbiy xizmatchilar Belarus hududida bo‘lib, u yerda ularga zarur psixologik va tibbiy yordam ko‘rsatilmoqda, shuningdek, qarindoshlari bilan bog‘lanish imkoniyati yaratilmoqda”, deyiladi xabarda.

Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy ham o‘z sahifasida 95 nafar ukrainalik Rossiya asirligidan qaytganini tasdiqlagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, asirlikdan ozod bo‘lgan harbiy xizmatchilar Mariupol va Azovstal, Donbass, shuningdek, Kiyev, Lugansk, Xarkov, Xerson va Chernigov viloyatlari himoyachilari bo‘lgan.

Shu bilan birga, Ukrainaning “Zmina” inson huquqlari markazi X ijtimoiy tarmog‘ida Kiyevga boshqa harbiy asirlardan tashqari ukrainalik huquq himoyachisi va jurnalist Maksim Butkevich ham ko‘chirilganini yozdi.

Butkevich “Donbass sudi” tomonidan tinch aholiga shafqatsiz munosabatda bo‘lish va qurolli to‘qnashuvda taqiqlangan usullarni qo‘llashda aybdor deb topilgan. Bundan tashqari, jurnalist umumiy xavfli yo‘l bilan ikki kishini o‘ldirishga urinish va birovning mulkiga umumiy xavfli tarzda qasddan zarar yetkazishda ayblangan. Oqibatda rossiyaparast hokimiyat uni 13 yilga qattiq tartibli koloniyaga hukm qilgan.

Jurnalistlarning fikricha, bo‘lib o‘tgan almashinuv doirasida jurnalist Viktoriya Roshina ham Rossiyadan Ukrainaga qaytishi kerak edi. Ammo u asirlikda Rossiyadagi hibsxonada vafot etgan. U Ukrainaning “Hromadske” nashri jurnalisti, “Ukrainskaya pravda” gazetasining mustaqil yozuvchisi bo‘lgan.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 4 yanvar kuni 230 nafar ukrainalik va 248 nafar rossiyalik mahbus vataniga qaytgan, 31 yanvar kuni esa yana 207 ukrainalik va 195 rossiyalik harbiy asirlikdan ozod qilingan edi. 8 fevral kuni ham Rossiya va Ukraina asirlarni almashtirgandi. Unga ko‘ra, “Ukraina 100 nafar rossiyalik harbiyni 100 nafar ukrain vatanparvarlariga almashgan”, bu tashabbusning ustida ham BAA turgan.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Ukraina Birlashgan Arab Amirligi asirlar “95 ga 95”

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

online_predictionLive

Barchasicall_made