Rossiya va Ukraina BAA vositachiligida asir almashdi
Olam
−
06 may 4830 2 daqiqa
Bugun, 6 may kuni Rossiya va Ukraina 2025 yil boshidan beri 5-marta harbiy asirlarni almashdi. Bu safar har ikki tomon 205 nafardan asirni ozod qildi. Bu haqda Rossiya Mudofaa vazirligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, rus harbiylari Belarus hududiga yetkazilgan bo‘lib, u yerda ularga psixologik va tibbiy yordam ko‘rsatilmoqda hamda qarindoshlari bilan aloqa qilish imkoniyati berilgan. Tez orada ular davolanish va reabilitatsiya uchun Rossiyaga olib ketiladi. Vazirlik, shuningdek, almashinuv Birlashgan Arab Amirliklari vositachiligida amalga oshirilganini ma’lum qilgan.
Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy ham 205 nafar ukrain harbiy xizmatchisi vataniga qaytganini tasdiqlagan. Ularning orasida 2022 yilda Mariupolni himoya qilganlar ham bor.
“Biznikilar erkin. Ular uyda… Ular Rossiyaning turli hududlariga tarqatilgan, insoniyatga qarshi qilingan tahqir va qiynoqlar ostida bo‘lgan. Biz ularni qaytardik”, deb yozdi Zelenskiy.
U bu almashinuvni tashkil etishda qatnashgan barcha tomonlarga, ayniqsa BAAga minnatdorlik bildirgan holda, Rossiya tomonidan asir olingan barcha ukrainaliklarni qaytarish uchun harakatni davom ettirishini bildirdi.
Ma’lumot uchun, Ukraina urush boshlanganidan beri jami 4757 kishini – harbiylar va tinch fuqarolarni asirlikdan ozod qilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalgi asirlar almashinuvi 19 aprel, Pasxa arafasida amalga oshirilgan bo‘lib, unda har ikki tomon 246 nafardan asirni qaytargan. Ukraina, shuningdek, zudlik bilan tibbiy yordamga muhtoj 15 nafar rus asirini 31 ukrainalik harbiyga almashgan edi.
Bungacha esa 2025 yil 15 yanvar, 5 fevral va 19 mart kunlari almashinuvlar bo‘lib o‘tgan. Ularda mos ravishda 25, 150 va 175 kishidan qaytarilgan. Urush boshlanganidan beri Rossiya va Ukraina 64 marta asir almashgan.
Live
BarchasiRossiyada o‘z chaqalog‘ini tashlab, qochib ketgan ayol bolasi bilan O‘zbekistonga qaytarildi
26 dekabr
Shavkat Mirziyoyev o‘zining oldingi va rahbarlarning hozirgi maoshida katta farq borligini aytdi
26 dekabr