Rossiya va Mo‘g‘uliston imtiyozli narxlarda yonilg‘i bo‘yicha kelishuv ustida ishlamoqda – Putin 

Olam

image

Rossiya Mo‘g‘ulistonning yonilg‘i va yonilg‘i-moylash materiallarini imtiyozli narxlarda yetkazib berish bo‘yicha so‘rovlariga javob bermoqda. Bu haqda Rossiya Prezidenti Vladimir Putin mamlakatga tashrifi oldidan Mo‘g‘ulistonning “Onoodor” gazetasiga bergan yozma intervyusida ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ikki davlat hukumatlari tegishli kelishuv ustida ishlamoqda.

“Mo‘g‘ulistonlik do‘stlarning yonilg‘i va yonilg‘i-moylash materiallariga bo‘lgan ehtiyojni imtiyozli narxlarda qondirishda yordam so‘rab murojaatlariga doimo javob beramiz. Tegishli hukumatlararo kelishuv bo‘yicha muzokaralar olib borilmoqda”, deydi Putin.

Rossiya Prezidentining aytishicha, tomonlar iqtisodiyot va sanoatda bir qator yangi istiqbolli loyihalar ustida ishlamoqda. Ular orasida Rossiyadan Xitoyga transmo‘g‘ul gaz quvurini qurish, Ulan-Bator temiryo‘lini modernizatsiya qilish, “Inter RAO-Eksport” kompaniyasi ishtirokida Ulan-Bator 3-IESni rekonstruksiya qilish kabilar bor.

Putinning ta’kidlashicha, so‘nggi yillarda “Mo‘g‘ulistonning barcha prezidentlari, qaysi partiyaga mansubligidan qat’i nazar,” o‘z mamlakatlari orqali Rossiyadan Xitoyga gaz quvurini o‘tkazish masalasini ko‘targan. Rossiya Prezidentining so‘zlariga ko‘ra, agar dastlab Mo‘g‘uliston faqat tranzit roli bilan cheklanmoqchi bo‘lgan bo‘lsa, hozirda “arzon gaz quvuri gazining bir qismini mamlakat taraqqiyoti va infratuzilmasi uchun ishlatish” imkoniyati ko‘rib chiqilmoqda.

Vladimir Putin ertaga, 3 sentyabr kuni rasmiy tashrif bilan Mo‘g‘ulistonga boradi va u yerda Sovet va Mo‘g‘ul qo‘shinlarining Xalxin-Gol daryosida yapon qo‘shinlari ustidan qozonilgan qo‘shma g‘alabasining 85 yilligiga bag‘ishlangan tantanali tadbirlarda ishtirok etadi. Kreml matbuot xizmati xabariga ko‘ra, Rossiya Prezidenti, shuningdek, mo‘g‘ulistonlik mavqedoshi Uxnaagiyn Xurelsux bilan “Rossiya-Mo‘g‘uliston munosabatlarini keng qamrovli strategik sheriklik asosida rivojlantirish” masalalarini muhokama qilmoqchi va Mo‘g‘uliston parlamenti raisi Dashzegviin Amarbayasgalan bilan uchrashuv o‘tkazmoqchi.

Bu Putinning 2023 yil mart oyida sud Rossiya Prezidentini hibsga olish uchun order berganidan beri Xalqaro jinoiy sud(XJS)ning Rim statutini imzolagan mamlakatga ilk tashrifi bo‘ladi. Mo‘g‘uliston 2000 yilda Rim statutini imzolagan va 2002 yilda uni ratifikatsiya qilgan. Rasmiy ravishda XJSga a’zo davlatlar orderni bajarishi va Putinni hibsga olishi shart.

Shu bilan birga, Mo‘g‘uliston dengizga chiqish imkoniga ega emas va faqat Rossiya va Xitoy bilan chegaradosh, bu Putinni hibsga olish va ekstraditsiya qilish haqidagi faraziy holatda Gaagaga yetkazish jarayonini murakkablashtiradi.

Ma’lumot uchun, sud Putinni harbiy jinoyatlarda, xususan, Ukrainaning bosib olingan hududlaridan bolalarni Rossiyaga majburan deportatsiya qilishda gumon qilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, oldinroq Ukraina hukumati Mo‘g‘ulistonni Rossiya Prezidenti Vladimir Putinni Xalqaro jinoiy sud buyrug‘i bilan hibsga olishga chaqirgandi. Rossiya Prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov esa Kreml Putinning Xalqaro jinoiy sud yurisdiksiyasini tan olgan Mo‘g‘ulistonga safaridan xavotirda emasligini bildirdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Mo'g'uliston

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing