Putin Mo‘g‘ulistonda XJS orderi ostida hibsga olinishidan qo‘rqmaydi – Kreml
Olam
−
30 avgust
7372Kreml Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning Xalqaro jinoiy sud yurisdiksiyasini tan olgan Mo‘g‘ulistonga safaridan xavotirda emas. Bu haqda bugun, 30 avgust kuni Kremlda Rossiya Prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov jurnalistlarning bo‘lajak safardan xavotirlari bormi, degan savoliga javoban ma’lum qildi.
"Yo‘q, tashvishlanmang", degan Peskov.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Kreml “Mo‘g‘ulistondan kelgan do‘stlari bilan ajoyib muloqotga ega”.
Mo‘g‘uliston rasmiylari bilan XJS tomonidan berilgan order bo‘yicha muzokaralar olib borilganmi, degan savolga Peskov shunday javob berdi:
“Albatta, tashrifning barcha jihatlari puxtalik bilan tayyorlangan”.
"Bloomberg"ning ikki manbasi Mo‘g‘uliston Putinni Xalqaro jinoiy sud buyrug‘i bilan hibsga olinmasligiga ishontirganini aytgan.
Kecha, 29 avgust kuni Kreml Vladimir Putinning Mo‘g‘ulistonga bo‘lajak tashrifini e’lon qildi. U 3 sentyabr kuni mamlakat Prezidenti Uxnaagiin Xurelsuxning taklifiga binoan Xalxin-Gol daryosida sovet va mo‘g‘ul qo‘shinlarining Yaponiya qurolli kuchlari ustidan qozongan qo‘shma g‘alabasining 85 yilligiga bag‘ishlangan tantanali tadbirlarda ishtirok etish uchun 3 sentyabr kuni Mo‘g‘ulistonga tashrif buyuradi.
Bu Putinning 2023 yil mart oyida sud Rossiya Prezidentini hibsga olish uchun order berganidan beri Xalqaro jinoiy sudning Rim statutini imzolagan mamlakatga ilk tashrifi bo‘ladi. Mo‘g‘uliston 2000 yilda Rim statutini imzolagan va 2002 yilda uni ratifikatsiya qilgan. Rasmiy ravishda XJSga a’zo davlatlar orderni bajarishi va Putinni hibsga olishi shart.
Shu bilan birga, Mo‘g‘uliston dengizga chiqish imkoniga ega emas va faqat Rossiya va Xitoy bilan chegaradosh, bu Putinni hibsga olish va ekstraditsiya qilish haqidagi faraziy holatda Gaagaga yetkazish jarayonini murakkablashtiradi.
Ma’lumot uchun, sud Putinni harbiy jinoyatlarda, xususan, Ukrainaning bosib olingan hududlaridan bolalarni Rossiyaga majburan deportatsiya qilishda gumon qilmoqda.
LiveBarchasi