Rossiya o‘zi e’lon qilgan sulhga qaramay, Ukrainani o‘qqa tutdi

Olam

image

Bugun, 9 mayga o‘tar kechasi Rossiya qo‘shinlari Ukrainaning bir qancha viloyatlarida Rossiya Prezidenti Vladimir Putin tomonidan e’lon qilingan uch kunlik sulhga qaramay, hujumlarni davom ettirdi. Bu haqda “Deutsche Welle” xabar berdi.

Dnepropetrovsk viloyati harbiy ma’muriyati rahbari Sergey Lisakning ta’kidlashicha, Rossiya harbiylari Nikopol, Pokrovskaya, Krasnogrigorevskaya, Mirovskaya va Marganetska hududlariga dronlar bilan hujum qilgan va artilleriyadan o‘qqa tutgan. 83 yoshli mahalliy fuqaro yaralangan, ikkita xususiy uyga zarar yetgan.

Xarkov viloyati rasmiylari so‘nggi bir kun ichida ikkita aholi punkti o‘qqa tutilgani, 11 yoshli bola jarohatlanganini ma’lum qilgan. Bundan tashqari, rossiyaliklarning Volchansk shahri yaqinidagi to‘rtta hujumi qaytarilgan.

Xerson viloyatida 17 ta aholi punkti artilleriya va havo hujumiga uchragan. To‘rtta turarjoy binosi shikastlangan, bir kishi halok bo‘lgan. Xersonda dron hujumi oqibatida 60 yoshli mahalliy fuqaro yaralangan, u og‘ir ahvolda shifoxonaga yotqizilgan. Zaporoje viloyatida otishma oqibatida mahalliy aholi vakili halok bo‘lgan.

Ukraina Qurolli kuchlari Bosh shtabi o‘tgan sutka davomida Rossiya armiyasi Ukraina bo‘linmalari pozitsiyalari va aholi punktlariga bitta raketa va 18 ta aviatsiya zarbalari bergani, bitta raketa qo‘llagani, 32 ta bomba tashlagani va 2659 ta kamikadze dronlardan foydalangani haqida xabar bergan.

O‘z navbatida, Belgorod viloyati gubernatori Vyacheslav Gladkov bugun, 9 may kuni ertalab Ukraina droni viloyat hukumati binosiga kelib tushganini aytgan. U e’lon qilgan videoda Belgoroddagi Sobornaya maydonidagi hukumat binosi yonida vayronalar aks etgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Putin Ukrainada 8-10 may kunlari bir tomonlama ravishda o‘t ochishni to‘xtatishni e’lon qilgan va bu qarorga Ikkinchi jahon urushida Germaniya ustidan qozonilgan g‘alabaning 80 yilligi va “gumanitar mulohazalar” sabab qilib ko‘rsatgan edi.

Kreml Kiyevni “bundan o‘rnak olishga” chaqirgan va o‘t ochishni to‘xtatish rejimi buzilgan taqdirda “adekvat va samarali javob” bilan tahdid qilgandi.

Shundan so‘ng, Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Ikkinchi jahon urushida Germaniya ustidan qozonilgan g‘alabaning 80 yilligi nishonlanishi munosabati bilan Ukrainada 8 maydan 10 may yarim tungacha davom etishi kerak bo‘lgan uch kunlik sulh haqidagi bayonotlarini “manipulyatsiya”, deb atagandi.


Maqola muallifi

Teglar

Vladimir Putin Ukraina

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing