Rossiya o‘zbekistonliklarni 3 yo‘l bilan urushga tortmoqda
Olam
−
23 Sentabr 2022
63983Rossiyada qisman safarbarlik e’lon qilinishidan oldin ham bir necha oy davomida tizimli ravishda nafaqat rossiyaliklarni, balki boshqa davlat fuqorolarini, o‘zbekistonliklarni va qamoqdagi mahbuslarni ham Ukrainadagi harbiy mojorolarga jalb qilish ishlari olib borilgan. Bu haqda Rossiyadagi o‘zbek migrantlari bilan doimiy ishlab keluvchi mutaxassis, huquqshunos Botirjon Shermuhammad QALAMPIR.UZ saytiga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Uning aytishicha, Rossiya o‘zbeklarni uch xil usul bilan tuzoqqa tushirmoqda va urushga jo‘natmoqda.
“Birinchidan, Rossiya turmalarida saqlanayotgan chet el fuqarolariga, o‘zbeklarga ham katta va’dalar berilmoqda. Yuqori pul taklifi, 6 oydan keyin afv qilish.
Shuningdek, Rossiya o‘z fuqaroligiga qabul qilish qoidalarini keskin osonlashtirmoqda. Bir yil xizmat uchun fuqarolik berilmoqda. Bu oldinlari aynan O‘zbekiston fuqarolari uchun juda qiyin edi. Fuqarolik olish niyatida yurgan o‘zbeklar bu “imkoniyat”dan foydalanib qolishi mumkin.
Ikkinchidan, ko‘plab o‘zbek muhojirlari Rossiyada noqonuniy, qonunchilik bo‘yicha kerakli hujjatlarsiz ishlab keladi. Ularni esa istalgan vaqti Rossiya huquqni muhofaza qilish organlari qo‘lga olishi, deportatsiya bilan qo‘rqitib, urushga jo‘natib yuborishi mumkin. Bunga Ukrainada qo‘lga tushgan ikki o‘zbekning biri misol bo‘la oladi. Deport bo‘lish esa ularning oilasini boqishda tang ahvolga solib qo‘yishi mumkin.
Uchinchidan, Rossiya “propaganda”si hech qachon urushda kim yutmoqda, “maxsus operatsiya” qanday kechayotgani borasidagi aniq kartinani ko‘rsatgani yo‘q. Shu sababli ko‘plab fuqarolar urushda Rossiya g‘olib bo‘lmoqda, degan fikrda. Oqibatda, o‘zbek fuqarolari ham rus “propaganda”siga aldanib qolishi mumkin”.
Botir Shermuhammadga ko‘ra, eng yomoni, bunday jalb qilishlarga qarshi O‘zbekiston hali aniq bir amaliy ishlar qilgani yo‘q.
“Faqatgina Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi bergan bir nechta ogohlantirishni hisobga olmasa, O‘zbekiston hukumati o‘zining urushga bo‘lgan munosabati, O‘zbekiston fuqarolarining jalb qilinishiga, yollanishiga bo‘lgan munosabatini aniq e’lon qilgani yo‘q”, deydi mutaxassis.
Migrantlar masalalari bo‘yicha ekspert va huquqshunos Botir Shermuhammad bilan to‘liq videointervyuni QALAMPIR.UZ'ning YouTube kanalida tomosha qilishingiz mumkin.
Eslatib o‘tamiz, 21 sentyabr kuni Prezident Vladimir Putin Rossiyada qisman safarbarlik to‘g‘risidagi farmonni imzoladi, unga ko‘ra birinchi bosqichda 300 ming Rossiya fuqarosi frontga yuboriladi.
Safarbarlikka oid qaror qabul qilinishi ortidan Rossiya Prezidenti huzuridagi Inson huquqlari bo‘yicha kengash a’zosi Kiril Kabanov Rossiya Federatsiyasining 10 yildan kam muddatga Rossiya fuqaroligiga ega bo‘lgan yangi fuqarolari – Markaziy Osiyo mamlakatlari fuqarolari uchun bir yil davomida majburiy harbiy xizmatni o‘tash bo‘yicha takliflar tayyorlanayotganini aytib chiqdi. Bu Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekistondan ko‘chib o‘tgan fuqarolarga taalluqli.
LiveBarchasi