Rossiya O‘zbekiston neft konlaridan foydalanish huquqini qo‘lga kiritdi
Jamiyat
−
13 Oktabr 2023
15716Rossiyaning “Gazpromneft” va O‘zbekistonning “O‘zbekneftgaz” kompaniyalari o‘rtasida neft konlari xizmatlari sohasida bir nechta shartnoma imzolandi. Unga ko‘ra, Rossiya kompaniyasi O‘zbekiston konlarida quduqlarni burg‘ilash jarayonlarini optimallashtirishga yordam beradi. Bu haqda “Gazpromneft” kompaniyasi xabar bermoqda.
Ma’lum qilinishicha, Rossiya kompaniyasi “O‘zbekneftgaz” konlarida quduqlarni qurish va ulardan foydalanish uchun “Gazpromneft – Noyabrskneftegaz” loyihasini ishlab chiqadi. Loyiha burg‘ilash nazorati, burg‘ilash uskunalari auditi, quduqlar dizaynini o‘zgartirish bo‘yicha tavsiyalar va loyihalarni o‘z ichiga oladi.
“Gazpromneft” texnologiyalari va tajribasi “O‘zbekneftgaz”ga quduqlarni qurish vaqtini 20 foizdan ko‘proq qisqartirishga yordam beradi”, deyiladi xabarda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, “O‘zbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati qoshida burg‘ilash ishlarini boshqarish markazi tashkil etiladi. Markazda “Gazpromneft” dasturiy ta’minoti va uning quduqlarni qurish sohasidagi amaliyotidan foydalanish rejalashtirilgan.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston “Gazprom” bilan gaz yetkazib berish bo‘yicha o‘rta va uzoq muddatli shartnomalar bo‘yicha muzokaralar olib borgan edi.
Ma’lumot o‘rnida, joriy yilning 7 oktyabr kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qozog‘iston yetakchisi Qosim-Jomart To‘qayev Qozog‘iston hududi orqali O‘zbekistonga Rossiya gazini yetkazib berishga start bergan edi.
LiveBarchasi