“Rossiya o‘z pozitsiyasini zaiflashtirishi mumkin”. Bayden Putinga nimalar dedi?
Olam
−
13 fevral 2022 14932 2 daqiqa
AQSH Prezidenti Jo Bayden Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan telefon orqali suhbatda yana Moskvani Ukrainaga bostirib kirish oqibatlari haqida ogohlantirdi. Suhbat bir soat atrofida davom etgan. Bu haqda Oq uy saytida aytilgan.
Unga ko‘ra, Vashington o‘z ittifoqchilari bilan birgalikda Ukrainadagi vaziyat keskinlashgan taqdirda Moskvani jiddiy va hal qiluvchi oqibatlar bilan siylaydi. Bayden Rossiya o‘z pozitsiyalarini zaiflashtirishi xavfi borligini ta’kidlagan.
Bayden Qo‘shma Shtatlar ittifoqchilari va hamkorlari bilan muvofiqlashtirib, diplomatiya bilan yuritishga tayyorligini, biroq “boshqa ssenariylarga” ham tayyor ekanini qo‘shimcha qilgan. Siyosatchi bosqin sodir bo‘lgan taqdirda Vashingtonning reaksiyasi tez va qat’iy bo‘lishini aniq bildirgan.
Kreml matbuot xizmati hozircha ushbu muloqot bo‘yicha ma’lumot bermagan.
Ma’lumot uchun, Putin Baydendan oldin Fransiya Prezidenti Makron bilan ham telefon orqali muloqot qilgandi. Rossiya yetakchisi va Makron ham Ukraina chegarasidagi vaziyatni muhokama qilgan.
Avvalroq AQSH Prezidenti Jo Bayden G‘arb davlatlari, Yevropa Ittifoqi va NATO yetakchilari bilan o‘tkazilgan videokonferensiya chog‘ida Rossiya Ukrainaga joriy yilning 16 fevral kuni “bostirib kirishini” aygan edi.
Eslatib o‘tamiz, Rossiya-Ukraina atrofidagi vaziyatni muhokama qilish uchun Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron 7-8 fevral kunlari rasmiy tashrif bilan Moskva va Kiyevda bo‘lib, ikki davlat rahbarlari bilan muzokaralar olib borgan edi.
Muzokaralar davomi sifatida Germaniya kansleri Olaf Shols ham 14 fevral kuni Rossiya va 15 fevral kuni Ukraina rahbarlari bilan uchrashishi reja qilingan.
Live
Barchasi