Rossiya o‘z majburiyatini bajarmayapti – Pashinyan
Olam
−
22 dekabr 2022
4674Rossiyaning (tan olinmagan) Tog‘li Qorabog‘dagi tinchlikparvar kontingenti, Armaniston, Rossiya va Ozarbayjon rahbarlarining 2020 yil 9 noyabrdagi uch tomonlama bayonotiga ko‘ra, Lochin yo‘lagini nazorat qilish majburiyatini olgan, biroq amalda ular buni bajarmayapti. Bu haqda bugun, 22 dekabr kungi hukumat yig‘ilishida Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan ma’lum qildi.
“Bayonotning oltinchi bandiga ko‘ra, “Lochin” yo‘lagi Rossiyaning Tog‘li Qorabog‘dagi tinchlikparvar kuchlari nazorati ostida bo‘lib, Ozarbayjon Respublikasi Lochin yo‘lagi bo‘ylab fuqarolar, transport vositalari va yuklarning harakatlanishi xavfsizligini kafolatlaydi”, deydi u. .
Armaniston Bosh vazirining so‘zlariga ko‘ra, de-fakto, uch tomonlama bayonotda o‘z zimmasiga olgan majburiyat – Lochin yo‘lagini nazorat ostida ushlab turish – Rossiya tinchlikparvar qo‘shinlari tomonidan ham bajarilmayotgani ma’lum bo‘ldi.
“Albatta, bu Ozarbayjonning noqonuniy xatti-harakatlari oqibatida ro‘y bermoqda, biroq bu vaziyatni o‘zgartirmaydi, chunki Rossiya tinchlikparvar kuchlari hozirligidan asosiy maqsad bunday qonunbuzarliklarning oldini olish va Lochin yo‘lagini nazorat ostida ushlab turishdir”, deydi Pashinyan.
Shuningdek, uning qayd etishicha, Yerevan Bakuga tinchlik bitimi bo‘yicha o‘z takliflarini topshirgan va uni taqdim etilgan shaklda imzolashga tayyor.
"Armaniston Respublikasi Ozarbayjonga tinchlik shartnomasi bo‘yicha o‘z takliflarini yubordi va biz shunday mazmundagi bitimni imzolashga tayyormiz. Ozarbayjonning ham munosabati ijobiy bo‘lishiga umid qilaman", deydi u.
Pashinyan Lochin koridoridagi vaziyatga to‘xtalar ekan, Ozarbayjonning harakatlari tufayli Tog‘li Qorabog‘da oziq-ovqat taqchilligi yuzaga kelganini ta’kidladi.
“Ozarbayjonning Lochin yo‘lagini noqonuniy blokadaga olishi oqibatida Tog‘li Qorabog‘dagi gumanitar vaziyat nihoyatda keskinligicha qolmoqda. Yuzlab oilalar blokadaning turli tomonlarida alohida qolmoqda. Tog‘li Qorabog‘da bir qator zaruriy mahsulotlar, jumladan, oziq-ovqat yetishmaydi", deydi u.
Bosh vazir, shuningdek, Rossiya tinchlikparvar kuchlari Lochin yo‘lagi bo‘ylab vazifalarni bajarmayotganini qo‘shimcha qildi.