Rossiya Ukrainaning “peshonasiga to‘pponcha tiradi” – Boris Jonson
Olam
−
26 yanvar 2022
17031Buyuk Britaniya Bosh vaziri Boris Jonson Rossiya tez orada Ukrainaga hujum qilishini ma’lum qildi. U Moskvani chegara hududida qo‘shin to‘plagani uchun o‘z qo‘shnisining peshonasiga “to‘pponcha tirashda” ayblagan.
Bundan tashqari, Britaniya o‘zining G‘arbdagi ittifoqchilarini Kremlga qarshi sanksiyalarni tezlashtirishga chaqirgan.
Unga ko‘ra, agar Rossiya Ukrainaga hujum qiladigan bo‘lsa G‘arb Moskvani yangi, misli ko‘rilmagan sanksiyalar paketi bilan “siylaydi”. Aynan shu yo‘l bilan Rossiyaning jilovini tiyib turish mumkinligi aytilmoqda.
“Bizda jiddiy sanksiyalar paketi tayyor va shuni aytishim to‘g‘ri bo‘lardiki, biz Yevropadagi ittifoqchilarimiz bilan Rossiyaning Ukrainaga har qanday hujumi boshlanishi bilanoq ushbu paketni e’lon qilishga tayyormiz”, degan Bosh vazir Boris Jonson Britaniya Parlamentidan yo‘llagan bayonotida.
“Rossiyaning agressiyasini tiyib turishda G‘arbning bugungidek birlashishi juda muhim”, deya qo‘shimcha qilgan Jonson.
Rossiya hatti-harakatlariga javoban Pentagon ham 8 500 nafardan iborat harbiylar guruhi jangavor shaylik holatiga keltirilgani haqida bildirgandi.
Bu haqda joriy yilning 24 yanvar kuni AQSH Prezidenti Jozef Bayden Buyuk Britaniya, Fransiya, Germaniya, Italiya va Polsha davlat rahbarlari hamda NATO Bosh kotibi Yens Stoltenberg ishtirokida o‘tgan qo‘shma yig‘ilishda ma’lum qilgan.
80 daqiqa davom etgan video uchrashuvdan so‘ng bayonot bergan AQSH rahbari “yakdillikka asoslangan uchrashuvimiz Yevropa rahbarlari bilan juda-juda yaxshi ruhda o‘tdi”, deya bildirgan.
Pentagon Matbuot kotibi Jon Kirbiyga ko‘ra, “AQSH, Yevropa va NATO rahbarlari Ukraina uchun tahdid tug‘iladigan bo‘lsa, Rossiyaning beboshligiga qarshi birlashgan holda chora ko‘rish”ga kelishib olishgan.
So‘nggi paytlarda G‘arb mamlakatlarida, shuningdek, Kiyevda Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi mumkinligi haqida bayonotlar paydo bo‘ldi. Rossiya Federatsiyasi Prezidentining Matbuot kotibi Dmitriy Peskov bunday ma’lumotni bo‘sh va asossiz keskinlikning kuchayishi deb atadi. Uning ta’kidlashicha, Rossiya hech kimga tahdid solmaydi. Shu bilan birga, Peskov bunday bayonotlarni oqlash uchun provokatsiyalar bo‘lishi mumkinligini inkor etmadi va Ukraina janubi-sharqidagi inqirozni kuch bilan hal qilishga urinishlar eng og‘ir oqibatlarga olib kelishidan ogohlantirdi.
Behruz Saidov
LiveBarchasi