Rossiya Ukrainani “Iskander” raketalari bilan o‘qqa tutdi

Olam

image
0:00
0:00
download

Bugun, 1 iyunga o‘tar kechasi Rossiya Qurolli Kuchlari Kiyev shahriga o‘nta “Iskander” raketasini uchirdi. Ularning barchasi havo hujumidan mudofaa kuchlari tomonidan yo‘q qilingan. Bu haqda Ukraina Qurolli kuchlari Bosh shtabining hisobotida aytildi.

“Kecha tunda dushman yana “Iskander” operativ-taktik raketa tizimi raketalari bilan Kiyev viloyatining fuqarolik va muhim infratuzilmasi ob’ektlarini nishonga oldi. 10 ta raketadan 10 tasi Ukraina Qurolli Kuchlari Harbiy-havo kuchlarining qurollari va vositalari tomonidan yo‘q qilindi. O‘tgan sutka davomida dushman tomonidan qo‘shinlarimiz pozitsiyalari va aholi punktlariga 3 marta raketa zarbasi berildi, 29 ta havo hujumi, 49 ta MLRC (raketasi) hujumi amalga oshirildi. Afsuski, tinch aholi orasida qurbonlar bor, xususiy turar-joy binolari va boshqa infratuzilma ob’ektlari shikastlangan”, deyiladi hisobotda.

Aytilishicha, Rossiya tomoni Lugansk va Donetsk viloyatlarini to‘liq bosib olishga urinishda davom etmoqda. O‘tgan kun davomida Ukraina qo‘shinlari Rossiyaning 21 ta hujumini qaytargan.

Eslatib o‘tamiz, 25 may kuni Ukraina Rossiya tomonidan amalga oshirilgan tungi hujumlarda Eronda ishlab chiqarilgan 36 ta dronning barchasini urib tushirganini e’lon qilgandi. Shu kuni Ukraina Prezidenti devoni rahbari maslahatchisi Mixail Podolyak mamlakat Qurolli Kuchlarining qarshi hujumi boshlanganini ma’lum qildi. 26 mayda esa Kiyev Rossiya tomonidan uchirilgan 10 ta raketa va 20 dan ortiq uchuvchisiz samolyotlarni urib tushirganini ma’lum qildi. 27 may kuni Rossiya kuchlari Britaniya tomonidan Ukrainaga yetkazib berilgan ikkita uzoq masofali “Storm Shadow” qanotli raketalarini tutib oldi. 28 mayda esa Rossiya qo‘shinlari Eronning 54 ta Shahed-136/131 uchuvchisiz samolyotlari bilan shimoliy yo‘nalishda – Bryansk viloyati va janubiy yo‘nalishda – Krasnodar o‘lkasidan Ukrainaga hujum qildi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Ukraina Iskander

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing