Rossiya Ukrainani ballistik raketalar bilan bombaladi. Polsha qiruvchilarini havoga ko‘tardi (video)

Olam

image

Bugun, 30 iyul kuni Rossiyaning ballistik raketalar bilan amalga oshirgan hujumlari oqibatida Ukraina bo‘ylab kamida 7 kishi halok bo‘ldi. Bu haqda Ukraina rasmiylari ma’lum qildi.

Ma’lum qilinishicha, hujumlar mamlakat g‘arbidagi Lvov shahrigacha yetib borgan. Vaziyat sabab qo‘shni Polsha o‘z havo hududini himoya qilish maqsadida qiruvchi samolyotlarini havoga ko‘targan.

Hujumlar Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy AQSHdan qaytayotgan paytga to‘g‘ri kelgan. Uning aytishicha, AQSH Prezidenti Donald Tramp Ukrainaga Patriot raketalari uchun litsenziya berishga rozi bo‘lgan.

Ukrainaning deyarli barcha hududlarida havo hujumi xavfi e’lon qilingan. “Reuters“ga ko‘ra, Kiyevda portlashlar ovozi eshitilgan. Shahar meri Vitaliy Klichkoning Telegram'da yozishicha, bir nechta noturar joy ob’ektlarida yong‘in chiqqan.

Favqulodda vaziyatlar xizmati ma’lumotiga ko‘ra, poytaxtda bir kishi halok bo‘lgan, yana ikki kishi jarohat olgan.

Zelenskiyning tug‘ilib o‘sgan shahri – Kriviy Rihda Rossiyaning “Iskander-M” ballistik raketasi to‘g‘ridan to‘g‘ri turar joyga kelib tushgan. Shahar Mudofaa kengashi rahbari Oleksandr Vilkulning ma’lum qilishicha, hujum oqibatida 5 va 12 yoshli ikki qizaloq hamda yana 4 kishi halok bo‘lgan, 8 kishi jarohatlangan.

Vilkulning aytishicha, raketa Rossiyaning Voronej viloyatidan uchirilgan va ko‘p bolali oila yashayotgan uyga kelib tushgan. Shuningdek, u vayronalar ostida qidiruv ishlari davom etayotgani sababli qurbonlar soni ortishi mumkinligi haqida ogohlantirgan.

Polsha chegarasiga yaqin joylashgan Lvov shahrida esa Rossiya raketalari ikki ko‘p qavatli uyga zarar yetkazgan. Mahalliy rasmiylarning ma’lumotlariga ko‘ra, kamida 15 kishi jarohat olgan. Qutqaruvchilar vayronalar ostida qolganlarni qidirishda davom etmoqda.

Yevropa Ittifoqi va NATO a’zosi bo‘lgan Polsha Rossiyaning havo hujumlari fonida o‘z havo hududini himoya qilish maqsadida qiruvchi samolyotlarini havoga ko‘targan.

Polsha Qurolli kuchlari X ijtimoiy tarmog‘ida e’lon qilgan bayonotida qiruvchi samolyotlar va erta ogohlantirish samolyoti parvozni boshlagani, yerusti havo mudofaasi tizimlari hamda radar razvedka vositalari to‘liq jangovar shay holatga keltirilganini ma’lum qilgan. Qayd etilishicha, bularning barchasi ehtiyot choralari maqsadida ko‘rilgan.

Eslatib o‘tamiz, kecha, 29 iyul kuni Ukraina dronlari Rossiyaning Perm, Ryazan va Taganrog shaharlari, shuningdek, Qrim yarimorolidagi neftni qayta ishlash zavodlari va Wildberries logistika ob’ektlariga zarba bergan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing