Rossiya Ukrainaga tinimsiz raketa zarbalari bermoqda

Olam

image

Rossiya bugun, 10 oktyabr kuni Kiyev, Dnepr va Ukrainaning boshqa bir qator shaharlarini kuchli raketa zarbalariga duchor qildi. Kiyev meri Vitaliy Klichkoga ko‘ra, poytaxt markazidagi Shevchenko tumani hujumga uchragan. Raketalardan biri Mixail Grushevskiy yodgorligi yoniga qulagan, oqibatda yo‘ldan o‘tgan avtomobillar yonib ketgan. 

Ichki ishlar vaziri maslahatchisi Rostislav Smirnovning aytishicha, kamida sakkiz kishi halok bo‘lgan, 24 kishi jarohatlangan. Portlash oqibatida oltita avtomobil vayron bo‘lgan, yana 15 tasi zarar ko‘rgan. Mahalliy Telegram kanallari xabariga ko‘ra, portlashlar Ukraina xavfsizlik xizmati ma’muriyati binosi hududida, shuningdek, Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiyning Volodimirska ko‘chasidagi kabinetlaridan birida sodir bo‘lgan. Kiyev metrosida qizil chiziqda poyezdlar harakati to‘xtatildi, barcha yerosti stansiyalari boshpana sifatida ishlaydi. 

Oxirgi marta Kiyev iyun oyi oxirida raketa zarbalariga uchragan edi. Keyin rus harbiylari shaharga 14 ta raketa otdi. Ulardan biri Shevchenko tumanidagi ko‘p qavatli uyga borib urilgan. Oqibatda bir kishi halok bo‘ldi, olti kishi jarohat oldi. 

Ukrainaning boshqa shaharlariga raketa zarbalari berildi

Shuningdek, Kiyev viloyati va Ukrainaning boshqa viloyatlari shaharlariga raketa hujumlari sodir etilgani haqida xabarlar bor. Dnepr, Ternopol, Jitomir, Xmelnitskiy, Vinnitsa, Lvov, Kremenchug, Krivoy Rog, Rivne va Ivano-Frankivskda bir qator portlashlar sodir bo‘ldi. Ukrainaning viloyat markazlarida elektr ta’minotida uzilishlar boshlandi. Lvov, Xmelnitskiy, Jitomir, Xarkovda qisman uzilishlar kuzatilmoqda. 

Dneprda raketa hujumi oqibatida sanoat ob’ekti vayron bo‘ldi. 

Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy o‘z mamlakatidagi ommaviy portlashlarga izoh berar ekan, ular Ukrainani Yer yuzidan yo‘q qilishga urinayotganliklarini aytdi.  

“Keng miqyosli urushning 229-kuni. 229-kunda ular bizni yo‘q qilishga va yer yuzidan o‘chirishga harakat qilmoqdalar. Butunlay. Zaporojeda uyda uxlayotgan odamlarimizni, Dnepr va Kiyevga ishlash uchun ketgan odamlarni yo‘q qilmoqchi. Havo hujumi xavotiri butun Ukraina bo‘ylab tinmayapti. Raketa zarbalari bor. Afsuski, qurbonlar va yaradorlar bor. Sizdan iltimos qilaman: boshpanalarni tark etmang. O‘zingizga va yaqinlaringizga g‘amxo‘rlik qiling. Dosh beramiz va kuchli bo‘lamiz”, deb yozdi u Telegram’da. 

Ukraina Kerch bo‘g‘ozidagi Qrim ko‘prigi portlatilganidan ikki kun o‘tib yirik raketa zarbalariga uchradi. Portlash oqibatida ko‘prikning avtomobil qatnov qismlaridan birining ikki oraliq qismi vayron bo‘lgan, ko‘prikning temir yo‘l qismidagi sisternali poyezd yonib ketgan. Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Qrim ko‘prigidagi portlashni terakt deb atadi va buning uchun Ukrainani aybladi. Rossiya Federatsiyasi Xavfsizlik kengashi rahbari o‘rinbosari Dmitriy Medvedevning aytishicha, Rossiyaning Qrim ko‘prigining portlatilishiga javobi faqat “terrorchilarni bevosita yo‘q qilish” bo‘lishi mumkin. 

Qrim ko‘prigidagi portlashdan so‘ng, Rossiya qo‘shinlarining Ukrainadagi operatsiyalariga yangi qo‘mondon tayinlangani ma’lum bo‘ldi. Bu lavozimni armiya generali Sergey Surovikin egallagan.  “Meduza” axborot resursi manbalari Surovikinni Ukraina infratuzilmasiga, jumladan, tinch aholiga yirik raketa zarbalari berish tarafdori, deb atamoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

544

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing