Rossiya Ukrainaga bostirib kirsa, AQSH yordamga keladimi?
Olam
−
20 yanvar 2022
12729AQSH Prezidenti Jo Bayden Rossiya Ukrainaga bostirib kirgan taqdirda, rasmiy Kiyev oldida shartnoma majburiyatlari yo‘qligi sababli Amerika qo‘shinlarini yuborishni rejalashtirmayapti. Bu haqda sharhlovchi Robert Berns “Associated Press” uchun maqolasida aytib o‘tgan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Vashingtonning Moskva bilan ziddiyatga kirishishi “katta sarguzasht” bo‘ladi.
“Ushbu urush butun Yevropaga ta’sir qilishi, mintaqaning beqarorlashishiga olib kelishi va o‘zaro yadroviy zarbalar almashinuviga aylanishi mumkin”, degan jurnalist.
Ma’lumot o‘rnida, Jo Bayden Rossiyani Ukraina atrofida vaziyat keskinlashgan taqdirda buning oqibatlari bilan tahdid qilib, Moskva “qattiq tanlov” oldida turganini ta’kidlagan.
Rossiya G‘arbning Ukrainaga hujum qilish niyatida ekani haqidagi ayblovlarini bir necha bor rad etgan. Kremlning fikricha, bunday bayonotlar Rossiya chegarasi yaqinida NATO kuchlarining mavjudligini kengaytirish uchun foydalanilmoqda. Kreml Matbuot kotibi Dmitriy Peskovning ta’kidlashicha, mamlakat qo‘shinlarini o‘z hududi ichida va o‘z xohishiga ko‘ra olib o‘tadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu hech kimga tahdid solmaydi va hech kimni tashvishga solmasligi kerak.
Eslatib o‘tamiz, Turkiya Rossiya va Ukraina ishtirokida harbiy harakatlar boshlangan taqdirda Kiyev tomonida Moskva bilan ziddiyatga kirishishdan manfaatdor emasligi aytilgandi. Ta’kidlanishicha, Anqara NATO a’zosi hisoblanishi va Ukraina tomoni bilan Bayraktar TB2 dronlarini sotish borasidagi harbiy hamkorlikni kuchaytirganiga qaramay bu urushga kirmaydi.
Shuningdek, o‘tgan yilning dekabr oyida Amerika Prezidenti Jo Bayden harbiy to‘qnashuv boshlangan taqdirda AQSH va NATO Ukrainani himoya qilish uchun harbiy kuch ishlatishga majbur emasligini ta’kidlagandi.
LiveBarchasi