Rossiya Ukrainaga bostirib kirsa, AQSH qanday chora ko‘rishi aytildi
Olam
−
02 dekabr 2021
23271Agar Rossiya Ukrainaga bostirib kirsa, Vashington Moskvaga qarshi keng miqyosli iqtisodiy sanksiyalar joriy etishga tayyor. Bu haqda AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken Rigadagi NATO mamlakatlari Tashqi ishlar vazirlarining yig‘ilishi yakunlari bo‘yicha ma’lum qilgan.
Qo‘shma Shtatlar Rossiyaning Ukrainaga qarshi tajovuzkor harakatlarni rejalashtirayotgani haqida dalillarga ega ekanligini da’vo qilmoqda.
“Prezident Vladimir Putin bosqinchilik to‘g‘risida qaror qabul qilganmi yoki yo‘qmi, biz buni bilmaymiz. Ammo bilamizki, endi qaror qabul qilinsa, bunday harakatlar imkoni boricha tezroq ishlab chiqiladi. Shuning uchun niyat va vaqt noaniqligiga qaramay, biz Rossiyani qarorini o‘zgartirishga harakat qilish bilan birga har qanday sharoitga tayyor bo‘lishimiz kerak”, degan Entoni Blinken.
O‘z navbatida, Kreml bosqin haqidagi e’lonlarni asossiz kelishmovchilikning kuchayishi deb biladi.
“NATO sharqqa qarab kengaymaydi, degan og‘zaki kafolatlar hammaga ma’lum, biroq hammasi aksincha amalga oshirildi. Aslida Rossiyaning qonuniy xavfsizlik xavotirlari e’tiborga olinmadi va ular bundan keyin ham e’tibordan chetda qolmoqda”, degan Rossiya Prezidenti Vladimir Putin.
Avvalroq, Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an 3 dekabr kuni o‘tkaziladigan Rossiya yetakchisi Vladimir Putin bilan suhbatda Ukrainadagi vaziyatga to‘xtalishi haqida xabar bergandik.
So‘nggi paytlarda G‘arbda va Ukrainada Rossiyaning Ukraina hududiga “bostirib kirishi” mumkinligi haqidagi bayonotlar tobora ko‘payib bormoqda. Rossiya Prezidentining Matbuot kotibi Dmitriy Peskov bunday ma’lumotni bo‘sh va asossiz keskinlikning kuchayishi deb atadi va Rossiya hech kimga tahdid solmasligini ta’kidladi. Shu bilan birga, u bunday bayonotlarni oqlash uchun provokatsiyalar bo‘lishi mumkinligini ham inkor etmadi va Ukraina janubi-sharqidagi muammoni kuch bilan hal qilishga urinishlar eng og‘ir oqibatlarga olib kelishidan ogohlantirdi.