Rossiya Ukrainaga 85 ta raketa yog‘dirdi. Mamlakatda 10 million aholi “svet”siz qolmoqda

Olam

image

Rossiya tomonidan amalga oshirilgan yirik raketa zarbalari tufayli Ukrainaning o‘n millionga yaqin fuqarosi elektr ta’minotisiz qoldi. Bu haqda Ukraina yetakchisi Vladimir Zelenskiy aytib o‘tdi. 

Zelenskiyga ko‘ar, 15 noyabr kuni Rossiya Ukrainaga 85 ta raketa uchirgan. 

“Mamlakatimizning ko‘plab shahar va tumanlarida elektr quvvati yana favqulodda o‘chirildi. O‘n millionga yaqin ukrainaliklar elektr energiyasidan mahrum, ayniqsa, Xarkov, Jitomir, Kiyev va Lvov viloyatlarida”, deydi Ukraina Prezidenti o‘zining Telegram-blogida. 

15 noyabr kuni kechqurun, Moskva vaqti bilan soat 17:00 atrofida Rossiya armiyasi Ukrainaning energetika tizimiga yangi keng ko‘lamli hujumni boshladi. Hujumlar Kiyevda, shuningdek, Xarkov,  Lvov, Jitomir, Xmelnitskiy, Rovno, Sumi va boshqa viloyatlarda sodir etilgan. Butun mamlakat bo‘ylab elektr energiyasi uzilishi boshlandi. 

Ukraina energetika vaziri German Galushenko mamlakat energetika ob’ektlarining bu o‘qqa tutilishini Rossiya qurolli bosqini boshlanganidan beri eng kattasi deb atadi. Unga ko‘ra, ishlab chiqarish ob’ektlari ham, elektr uzatish tizimi ham zarar ko‘rgan. 

Zelenskiy idorasi rahbari o‘rinbosari Kirilo Timoshenko hozirgi vaziyatni og‘ir deb atadi.

Davlat rahbari fuqarolarni xavfsizlik choralariga rioya qilishga, bir muddat boshpanalarda qolishga chaqirdi. 

“Dushman nimani xohlayotgani aniq. U maqsadiga erisha olmaydi”, deydi Prezident.

Eslatib o‘tamiz, kecha, 15 noyabr kuni tushdan keyin Rossiya armiyasi Ukrainaga yirik raketa hujumi uyushtirgan paytda Polsha hududiga ikkita raketa tushdi. Raketalar Ukraina bilan chegaradan besh kilometr uzoqlikda joylashgan Lyublin voyevodaligi (Polshadagi eng yirik ma’muriy birlik)ning Pshevoduv qishlog‘i hududiga tushgan. Hodisa oqibatida portlash yuz bergan, ikki kishi qurbon bo‘lgan. 


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

205

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing