Rossiya Ukrainaga 46 ta dron bilan hujum qildi

Olam

image

Rossiya harbiylari Shahed-136/131 nomli dronlari bilan Ukrainaga hujum qildi. Bu haqda bugun, 27 dekabr kuni Ukraina havo kuchlari ma’lum qildi.

Bildirilishicha, 26 dekabr soat 19:00 dan 27 dekabr 03:50 ga qadar turli vaqtlarda 46 ta qiruvchi dronlar Ukrainaga hujum qilgan. Shulardan 32 tasi urib tushirilgan. Dronlar Xerson viloyati va yana bir nechta noma’lum hududlarga  qulab tushgan.

Rossiya ikki yo‘nalishda – anneksiya qilingan Qrimdagi Balaklava va Rossiyaning Krasnodar o‘lkasidagi Primorsko-Axtarskdan havo hujumini uyushtirgan. 

“Havo hujumidan mudofaa Nikolayev, Odessa, Xerson, Dnepropetrovsk, Vinnitsa, Zaporoje, Xmelnitskiy va Kirovograd viloyatlarida amalga oshirildi”, deyiladi xabarda

Ukraina Ichki ishlar vaziri Igor Klimenko Xerson viloyatidagi ilmiy tadqiqot muassasasi hududiga uyushtirilgan hujum oqibatida bir kishi halok bo‘lganini ma’lum qilgan. Bundan tashqari, savdo markazi, ko‘p qavatli uylar va omborlar ham zarar ko‘rgan. 

Shuningdek, Odessa chekkasidagi dala uylariga ham urib tushirilgan dronlardan biri qulashi oqibatida bir kishi halok bo‘lgan, yana to‘rt kishi jarohatlangan. Ular orasida 6 yoshli bola ham bor.

Vazirning aytishicha, Donetsk va Dnepropetrovsk viloyatlaridagi ob’ektlarga qilingan hujum oqibatida qutqaruvchilar ko‘p qavatli uydagi yong‘inni o‘chirib, uch kishini qutqarib qolgan.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 24 dekabr kuni Ukraina harbiylari Rossiyaning ikki qiruvchi-bombardimonchi Su-34 va Su-30 samolyotlarini urib tushirganini ma’lum qilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Ukraina Xerson viloyati

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing