Rossiya Ukrainadagi shifoxonaga raketa bilan hujum qildi (video)
Olam
−
26 may 2023
8659Ukrainaning Dnepr shahriga qilingan raketa hujumi vaqtida shifoxonaga snaryad kelib urildi. Mamlakat Prezidenti Vladimir Zelenskiy hodisa tasvirlarini o‘zining Telegram kanaliga joylashtirdi.
Viloyat gubernatori Sergey Lisakning xabar berishicha, hozirgacha 2 kishining halok bo‘lgani va yana 23 kishi jarohat olgani aniqlangan. Qutqaruvchilar halok bo‘lganlardan birini raketa zarbasi oqibatida qulagan binoning xarobalari ostidan olib chiqqan.
“Hududda hodisa oqibatlarini bartaraf etish va jabrlanganlarga yordam berish davom etmoqda. Barcha kerakli xizmatlar jalb qilindi”, deb yozadi Vladimir Zelenskiy.
Davlat rahbari ushbu hujumni “insoniyatga qarshi jinoyat” deb atagan.
“Faqat yovuz davlatgina tibbiyot muassasalariga qarshi kurashadi. Bunda hech qanday harbiy maqsad bo‘lishi mumkin emas. Bu haqiqiy rus terrori”, deydi Ukraina Prezidenti.
Ukraina Mudofaa vazirligi ham shifoxonaga qilingan hujumni qoralab, Jeneva konvensiyasiga ko‘ra bu harakat harbiy jinoyat deb hisoblanishini ma’lum qilgan.
Rossiya harbiylarining urush davomida fuqarolik infratuzilmasiga zarba berishi tez-tez kuzatiladi. Masalan, shu yilning mart oyi oxirida Zaparojedagi to‘qqiz qavatli turar joy binosiga raketa urilishi oqibatida 25 kishi jarohat olgan. Yanvar oyida esa Dneprdagi to‘qqiz qavatli uyga berilgan zarbada 20 kishi halok bo‘lgan. Rossiya bo‘linmalari o‘tgan yilning sentyabr oyida Zaparojedagi gumanitar karvonga ham hujum qilgan. O‘shanda 23 kishi raketa zarbasi qurboni bo‘lgan, yana 28 kishi yaralangandi.
LiveBarchasi