Zaporojeda gumanitar karvonga hujum qilindi. 20 dan ortiq odam halok bo‘ldi

Olam

image

Ukrainaning Zaporoje viloyatida tinch aholidan iborat gumanitar karvonga raketa zarbasi berildi. Oqibatda hozirgacha 23 kishi halok bo‘ldi, 28 nafari jarohatlandi.

Ukrainaning Zaporoje viloyati harbiy ma’muriyati rahbari Aleksandr Staruxning ma’lum qilishicha, bugun, 30 sentyabr kuni ertalab rus harbiylari avtomobillar karvoniga raketa hujumi uyushtirgan.

“Odamlar o‘z qarindoshlarini olib ketish va yordam olib borish maqsadida vaqtincha bosib olingan hududga kirish uchun navbatda turishgandi”, degan u o‘zining Telegram-kanalida.

Ukraina Prezidenti devoni rahbari o‘rinbosari Kirill Timoshenkoning so‘zlariga ko‘ra, Zaporojega jami 16 ta raketa uchirilgan.

O‘z navbatida, Zaporoje viloyati okkupautsion hokimiyati vakili Vladimir Rogov “terrorchilik harakati” Ukraina harbiylari tomonidan sodir etilganini da’vo qilmoqda.

“Aholining ommaviy ravishda Zaporoje viloyatining “ozod qilingan” qismiga ketayotganini ko‘rib, ular viloyatning o‘zlari nazorat qilayotgan qismidagi, Orexovskaya shossesidagi bozor hududida navbatda turgan o‘nlab fuqarolik avtomobillariga zarba berdi”, deydi u RIA Novostiga.

Rogov, shuningdek, ikki kun avval kolonna tashkil qilgan fuqarolar ishg‘ol qilingan hududga qo‘yib yuborishni talab qilib, norozilik sifatida yo‘lni to‘sib qo‘yganini aytgan.

Rogovning so‘zlariga ko‘ra, jarohatlanganlar soni 34 nafarga yetgan.

Ukrainaning Zaporoje viloyati hukumati 1 oktyabrni gumanitar karvonning o‘qqa tutilishi oqibatida halok bo‘lgan 23 kishi xotirasiga motam kuni deb e’lon qildi.

Zaporoje viloyati Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi boshlanganidan beri qisman bosib olingan. Hozirda Zaporoje shahri Ukraina armiyasi nazorati ostida qolmoqda.

23-27 sentyabr kunlari Zaporoje viloyatining bosib olingan hududida, shuningdek, tan olinmagan DXR va LXR hamda bosib olingan Xerson viloyatida “Rossiyaga qo‘shilish bo‘yicha referendumlar” o‘tkazildi. Zaporoje viloyatida protokollarning 100 foizini qayta ishlash natijalariga ko‘ra, qo‘shilish tarafdori 93,11 foiz, Xerson viloyatida - 87,05 foiz, DXRda - 99,23 foiz, LXRda - 98,42 foiz.

30 sentyabrga o‘tar kechasi Vladimir Putin Ukrainaning Xerson va Zaporoje viloyatlarining “davlat suvereniteti va mustaqilligini tan olish” haqidagi farmonlarni imzoladi. Endilikda bugun Kremlda bosib olingan hududlar, shuningdek, tan olinmagan DXR va LXRning “Rossiyaga qo‘shilishi” to‘g‘risidagi shartnomalarni imzolash marosimi bo‘lib o‘tadi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

165

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing