Rossiya Ukrainadagi savdo markazini bombaladi. Qurbonlar bor
Olam
−
08:49 2432 2 daqiqa
Rossiya dronlarining Ukraina markazidagi Krivoy Rog shahridagi savdo markaziga bergan zarbalari oqibatida kamida 16 kishi halok bo‘ldi, 130 dan ortiq odam esa jarohatlandi. Bu haqda “Meduza” xabar berdi.
Qayd etilishicha, dronlar kecha, 21 avgust kuni kunduzi shaharga hujum qilgan bo‘lib, jarohatlanganlar orasida 22 nafar bola bor. Viloyat gubernatori Aleksandr Ganjaga ko‘ra, 29 kishi og‘ir ahvolda, ularning 5 nafari bolalardir.
Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy hujumni “mutlaqo shafqatsiz va jirkanch” deb atagan. Uning aytishicha, birinchi dron zarbasidan taxminan yarim soat o‘tib, ikkinchi dron savdo markaziga urilgan va bu qutqaruv xizmatlari xodimlarini ham nishonga olishga qaratilgan ataylab qilingan hujum bo‘lgan.
Bugun, 22 avgust kuni ertalab Ganja vayronalar ostida 9 kishi, jumladan 2 nafar bola bedarak yo‘qolganlar ro‘yxatiga kiritilganini ma’lum qilgan. Qayd etilishicha, qutqaruvchilar savdo markazi vayronalari ostida qidiruv ishlarini davom ettirmoqda.
Shuningdek, Zelenskiy Rossiya hujumini “terrorchilik harakati” deb atab, xalqaro hamjamiyatni Moskvani javobgarlikka tortishga chaqirgan.
“Biz, albatta, javob qaytaramiz”, degan Ukraina Prezidenti.
Ma’lum qilinishicha, kecha, 21 avgust kuni Ukrainaning janubidagi Nikolayev viloyati ham Rossiya droni hujumiga uchragan. Ukraina davlat OAVlariga ko‘ra, bu hujumda 3 nafari bola bo‘lgan kamida 4 kishi halok bo‘lgan, yana 1 ayol jarohatlangan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Kiyevga Rossiya ballistik raketalari bilan berilgan zarbalar oqibatida 17 kishi halok bo‘lgan edi. Shu bilan birga, Ukraina ham Rossiya hududidagi neft ob’ektlari va logistika infratuzilmasiga hujumlarni kuchaytirib, Moskvaning urush olib borish imkoniyatlariga zarar yetkazishga harakat qilmoqda.
Live
Barchasi