Rossiya ballistik raketalari Kiyevda kamida 3 kishini halok qildi

Olam

image

Rossiyaning ballistik raketalari Ukraina poytaxti Kiyevga zarba berishi oqibatida kamida 3 kishi halok bo‘ldi, 20 kishi jarohatlandi. Bu haqda Kiyev meri Vitaliy Klichko Telegram orqali xabar berdi.

Uning ma’lum qilishicha, hujum oqibatida poytaxtdagi binolar zararlangan va shaharning ayrim hududlarida elektr ta’minoti uzilgan. Rossiya zarbalari 9 qavatli turar joy binosining yuqori qavatlarida yong‘in chiqishiga sabab bo‘lgan.

Klichkoning so‘zlariga ko‘ra, yana bir joyda odamlar vayronalar ostida qolib ketgan. Zarba nodavlat va turar joy ob’ektlari, omborlar hamda bolalar shifoxonasiga ham tekkan.

Guvohlardan biri Kiyevda o‘ndan ortiq portlash ovozini eshitganini aytgan. Ukraina poytaxti atrofidagi hududda ham 1 kishi halok bo‘lgani mahalliy rasmiy tomonidan Telegram orqali ma’lum qilingan.

Rossiya va Ukraina 2022 yil fevral oyida Rossiyaning keng ko‘lamli bosqini boshlanganidan beri deyarli har kuni bir-biriga hujum qilib kelmoqda. AQSH va Yevropa ishtirokidagi diplomatik sa’y-harakatlar hozirgacha barqaror sulh o‘rnatilishiga olib kelmadi.

Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy shu oyda Rossiya bilan urushni tugatish rejasi bo‘yicha AQSH muzokarachilari Stiv Vitkoff va Jared Kushnerga takliflar taqdim etilganini aytgan. Vitkoff va Kushner so‘nggi marta yanvar oyida Moskvaga borgan, ammo hozirgacha Kiyevga tashrif buyurmagan.

Shuningdek, Rossiya Tashqi ishlar vazirligi vakili Mariya Zaxarova “Izvestiya” nashriga Moskva AQSH muzokarachilari bilan ehtimoliy yangi uchrashuvlar bo‘yicha aniq takliflar olmaganini bildirgan. Shu bilan birga, uning aytishicha, Rossiya qisqa muddat ichida bunday uchrashuvni tashkil etishga tayyor.

Eslatib o‘tamiz, avvaloq Rossiya Xarkovdagi posyolkaga zarba berishi oqibatida o‘nlab qurbonlar bo‘lgandi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing