Ukraina Rossiyaning eng yirik neft zavodini bombaladi (video)

Olam

image

Rossiyaning Perm shahridagi “Lukoil-Permnefteorgsintez” neftni qayta ishlash zavodi dronlar hujumiga uchradi. Bu haqda “Ukrinform” xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, hujum vaqtida shaharda portlash ovozlari eshitilgan va havo hujumi xavfi e’lon qilingan. Mahalliy aholi zavod hududi tomonidan tutun ko‘tarilganini bildirgan.

Shuningdek, Perm o‘lkasi Hududiy xavfsizlik vazirligi va Favqulodda vaziyatlar vazirligi ham aholini dronlar xavfi haqida ogohlantirgan. Hozircha hududiy rasmiylar hodisa yuzasidan izoh bermagan.

Rossiya Federal havo transporti agentligi (Rosaviatsiya) esa mahalliy vaqt bilan soat 06:00 da Perm aeroportida samolyotlarni qabul qilish va jo‘natishga vaqtinchalik cheklovlar joriy etilganini ma’lum qilgan.

Qayd etilishicha, “Lukoil-Permnefteorgsintez” Rossiyadagi eng yirik neftni qayta ishlash zavodlaridan biri bo‘lib, yiliga 13 million tonnadan ortiq xom neftni qayta ishlaydi. Korxonada benzin, dizel yonilg‘isi, aviatsiya yoqilg‘isi va moylash materiallari ishlab chiqariladi.

Shu bilan birga, Rossiya Mudofaa vazirligi o‘tgan tunda mamlakat hududi va bosib olingan Qrim ustida 325 ta dron urib tushirilgani yoki tutib qolinganini da’vo qilgan. Vazirlikka ko‘ra, dronlar Astraxan, Belgorod, Bryansk, Volgograd, Voronej, Kaluga, Kursk, Oryol, Rostov, Ryazan va Tula viloyatlari, Moskva viloyati, Udmurtiya Respublikasi, Krasnodar va Perm o‘lkalari, shuningdek Azov va Qora dengizlari ustida yo‘q qilingan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiyaning ballistik raketalari Ukraina poytaxti Kiyevga zarba berishi oqibatida kamida 3 kishi halok bo‘lib, 20 kishi jarohatlangandi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing