Rossiya Ukrainada muvaffaqiyat qozonsa, buning uchun Xitoy javobgar bo‘ladi – AQSH
Olam
−
10 aprel
13263Agar Rossiya Ukrainada muvaffaqiyat qozonsa, AQSH buning uchun Xitoy javobgar bo‘lishini aytdi. Bu haqda AQSH Davlat departamenti vakiliga tayanib, AFP xabar berdi.
AQSH Davlat kotibi o‘rinbosari Kurt Kempbellning tushuntirishicha, Rossiyaning hududiy yutuqlari Yevropadagi kuchlar muvozanatini “ochiq-oydin qabul qilib bo‘lmaydigan darajada” o‘zgartirishi mumkin.
"Biz Xitoyga aniq aytdikki, agar shunday davom etsa, bu AQSH va Xitoy o‘rtasidagi munosabatlarga ta’sir qiladi. Biz chetda turib, hammasi yaxshi, demaymiz. Biz bunga nafaqat Rossiyaning o‘ziga xos harakati sifatida, balki Xitoy va Shimoliy Koreya tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan harakatlar majmuasi sifatida qaraymiz. Bu bizning manfaatlarimizga ziddir", deb ta’kidlaydi Kurt Kempbell.
Uning aytishicha, Prezident Jo Bayden ma’muriyati Xitoy rasmiylarini Rossiya Prezidenti Vladimir Putin 2022 yilning fevralida Ukrainaga bostirib kirishga buyruq berishi haqida oldindan ogohlantirgan.
"Ular bizga to‘liq ishonishganiga ishonchim komil emas", deb tushuntirdi Kempbell.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Pekin Rossiyaning harbiy muvaffaqiyatsizliklaridan xavotirga tushgan va Moskvaga “bir qator imkoniyatlar”ni qaytarish ustida ishlamoqda. Kempbell Xitoy Rossiyada rejim o‘zgarishini xohlamaganini qo‘shimcha qildi.
“Ammo ikki yildan ko‘proq vaqt o‘tgach, Rossiya deyarli butunlay qayta jihozlandi va endi Ukraina va uning atrofidagi mintaqa uchun jiddiy xavf tug‘dirmoqda", deydi rasmiy.
Davlat kotibi o‘rinbosari Xitoy Rossiyani qo‘llab-quvvatlash uchun yanada muhimroq choralar ko‘rsa, Qo‘shma Shtatlar Pekinga sanksiyalar bilan bir necha bor tahdid qilganini eslatib o‘tdi.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Xitoyga borgan va mavqedoshi Van I hamda XXR Raisi Si Szinpin bilan uchrashgandi.